Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Rejep Toyyib Erdo‘g‘onni tavalludi bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Rejep Toyyib Erdo‘g‘onni tavalludi bilan tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

26-fevral kuni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi prezidenti Rejep Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqoti qilib, uni 65 yoshlik tavalludi bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etganlar.

Mamlakatlar o‘rtasida 2018-yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash 40 foizga oshdi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida investitsiya va innovatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, turizm va boshqa sohalarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiya investitsiyalari ishtirokida 655 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 270 tasi o‘tgan yili tashkil etildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda, turizm sohasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Keyingi bir yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan turkiyalik sayyohlar soni 2 barobar ko‘paydi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

Muloqot so‘ngida Prezidentlar O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring