Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qonunga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik bu davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi hisoblanadi.

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi davlat-xususiy sheriklik sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi.

Qonun bilan davlat-xususiy sheriklik taraflarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihasi davlat organi (tashkiloti) va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor yoxud yuridik shaxs tomonidan tashabbus qilinishi mumkin.

Davlat sherigi tender yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijalari bo‘yicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzadi.

Tender mezonlari aniq bo‘lishi va unda kamsituvchi qoidalar bo‘lmasligi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam bo‘lmasligi va qirq to‘qqiz yildan oshmasligi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning taraflari o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgar bo‘ladi.

Agar keyingi qonun hujjatlari davlat-xususiy sheriklik ob’yektiga investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirsa, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan sanadan e’tiboran o‘n yil mobaynida xususiy sherikka nisbatan bitimni tuzish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari qo‘llaniladi.

Ushbu Qonun bir oydan so‘ng kuchga kiradi, kanal xabari yakunida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring