Shifokor: «20-30 yoshli yigitlarning ko‘zini olib tashlashga to‘g‘ri keldi»
Livanda 17 sentyabr kuni ro‘y bergan peyjerlar hamda boshqa elektronika buyumlarining portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 nafarga yetdi.
Portlashlarda 3000 ga yaqin kishi turli darajada jarohatlangan. Ular orasida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganlar ko‘p ekani aytilmoqda.
Livanlik shifokorlar holatni «dahshatli» deb baholamoqda.
«Yarim asrlik faoliyatim mobaynida bu qadar ko‘p bemorning ko‘zini olib tashlashga majbur bo‘lmagan edim. Bemorlarning asosiy qismi 20-30 yosh atrofidagi yigitlar. Ayrimlarining har ikki ko‘zini olib tashlashga to‘g‘ri keldi», – deydi Bayrutdagi «Maunt Livan» Universitet shifoxonasi ko‘z shifokori, professor Elias Varrak.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk peyjerlar portlashi oqibatida 8 yoshli qizcha va 11 yoshli bola nobud bo‘lganini tasdiqladi.
8 yoshli Fotima Abdulloh peyjer jiringlagan paytda uni otasiga olib bormoqchi bo‘lgan, ammo elektron jihoz kutilmaganda portlab qizaloqning umriga zomin bo‘lgan.
Jahon ommaviy axborot vositalari 17 sentyabr kungi portlashlar Isroil maxsus xizmati – «Mossad» tomonidan amalga oshirilgan maxfiy amaliyot ekani haqida yozdi.
Yaqin Sharqdagi hodisalarni yoritishga ixtisoslashgan «Al Monitor» nashrining yozishicha, Isroil maxsus xizmati «Hizbulloh» harakati Tayvan shirkatidan sotib olgan peyjerlarni mahsulot buyurtmachiga yetib borgunga qadar bo‘lgan jarayonda minalashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
«Hizbulloh» Isroildan qasos olinishini e’lon qilgan.
Rossiya Livandagi peyjerlarning portlatilishi oqibatida minglab odamlar jarohatlanganini terrorizm va gibrid urushi akti sifatida keskin qoralagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter