Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokor pankreatitning xavfli oqibatlaridan ogohlantirdi

Shifokor pankreatitning xavfli oqibatlaridan ogohlantirdi

So‘nggi yillarda dunyo aholisi o‘rtasida ovqat hazm qilish tizimi bilan bog‘liq xastaliklar keng tarqalmoqda. Ayniqsa, ular orasida pankreatit – oshqozon osti bezining o‘tkir yoki surunkali yallig‘lanishi yetakchi o‘rinni egallaydi. Xo‘sh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi?

Mazkur savolga tibbiyot fanlari doktori Feruza Xamrabayeva javob berdi.

— Oshqozon osti bezi ovqat hazm qilish tizimining muhim organi bo‘lib, ozuqa moddalarining so‘rilishi uchun zarur, — deydi mutaxassis. — Ushbu a’zo o‘zidan ichakdagi oqsillar, yog‘lar va murakkab uglevodlarni parchalaydigan fermentlarni ajratadi. Shu bilan birga, uning yana bir funksiyasi – organizmdagi glyukozani saqlash va uni tartibga solish uchun insulin gormonini ishlab chiqaradi.

Pankreatit – oshqozon osti bezining yallig‘lanishi bo‘lib, ushbu a’zoning disfunksiyasi tufayli ovqat hazm qilish fermentlari muddatidan oldin faollashganda va organ to‘qimalariga zarar yetkazganda rivojlanadi.

Kasallikning o‘tkir shaklida to‘qimalarning o‘zini o‘zi hazm qilish mexanizmi ishga tushadi. Surunkali yallig‘lanish oqibatida hazm qiluvchi fermentlar yetishmovchiligi yuzaga keladi. Fermentlar o‘rnini oshqozonosti bezi hujayralarining egallashi esa uning tashqi sekretor funksiyasini buzish bilan birga, gormonlar ishlab chiqish vazifasini ham o‘zgartirib yuboradi.

Xastalikning kelib chiqishiga ko‘pincha noto‘g‘ri ovqatlanish sabab bo‘ladi. Shuningdek, o‘t qopi va o‘t yo‘llari hamda o‘n ikki barmoqli ichak kasalliklari, bez yo‘llarining toshlar yoki o‘smalar bilan berkilib qolishi, genetik moyillik, gormonal o‘zgarishlar, ba’zi dorilarni qabul qilish, spirtli ichimliklar, stress va infeksion kasalliklarning bir qancha turlari ham asosiy omillardan.

Pankreatitga chalingan insonda ko‘ngil aynishi, qayt qilish, o‘ng qovurg‘a va qorinning pastki qismida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi, diareya va teri sarg‘ayishi kuzatiladi. Qorin devori va ko‘richakni eslatuvchi qorinning o‘ng tomonida o‘tkir og‘riq, vazn yo‘qotish, yelka kuragi yoki ko‘krak orqasiga tarqaladigan og‘riq, qorin dam bo‘lishi, umumiy zaiflik, bosh aylanishi ham kasallik belgilaridir. Kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, qandli diabetga sabab bo‘lishi mumkin.

Agar pankreatit belgilari 2-4 kun davomida bezovta qilsa, albatta, gastroyenterolog-shifokorga murojaat qilish lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring