Shinjon o‘lkasida ro‘za tutishga cheklov o‘rnatildi – OAV
Xitoyning Shinjon uyg‘ur muxtor o‘lkasi ma’muriyati Ramazon ro‘zasi bo‘yicha cheklovlar joriy etdi, deb xabar beradi TRT nashri.
Har bir shahar bo‘yicha 10 nafardan 50 nafarga qadar musulmonga ro‘za tutishga izn berilgan. Urumchi, Koshg‘ar, Xo‘tan kabi shaharlar ma’muriyati ana shunday qaror qabul qilgan. Ayni choqda, ro‘za tutuvchilar mahalliy hokimiyat yoki politsiyada hisobda turishi belgilangan.
«Sharqiy Turkiston» ham deb ataladigan mintaqada 11 millionga yaqin uyg‘ur va boshqa turkiy elatlar yashaydi.
Xalqaro tashkilotlar Shinjon ma’muriyati bir necha yildan beri musulmon elatlarga Ramazon ibodatlarini ado etishga to‘sqin qilib kelishidan xavotirda. Xususan, Amnesty International hisobotida Pekin hukumati ro‘zani «ekstremizm belgisi» deb hisoblashi bayon etilgan.
AQSh davlat departamentiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjonda yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda. Sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Davlat departamenti hisobotida lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ham Shinjon o‘lkasida yashovchi musulmonlar xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda tutqunlikda saqlanayotganini qoralagan.
2020 yili AQSh prezidenti Donald Tramp uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagan. Unga ko‘ra, Shinjondagi musulmon elatlar huquqlarini buzishga aloqador bo‘lgan tashkilot va shaxslarning mablag‘lari muzlatiladi, ularning Qo‘shma Shtatlar hududiga kirishi cheklanadi.
2021 yil iyun oyida Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Shinjondagi qatag‘on siyosati xususida tadqiqot e’lon qilgan. Tashkilot bosh kotibi Anes Kallamar musulmon etnik ozchiliklarga nisbatan uyushtirilgan ommaviy qamoq, qiynoq va ta’qiblar insoniyatga qarshi jinoyat deb baholanishi lozimligini ta’kidlagan.
Xitoy esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotganini inkor etadi. Qayd etilishicha, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda. Rasmiy matbuot Ramazon ro‘zasiga doir taqiq mavjudligini ham rad etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter