Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sigiringizning pasporti bormi?

Sigiringizning pasporti bormi?

Foto: «Oila davrasida» gazetasi

Joriy yildan boshlab yurtimizda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan asrab, ko‘paytiriladigan hayvonlarni bosqichma-bosqich identifikatsiya qilishga kirishiladi. Shu asosda hayvonlar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida yagona elektron axborot tizimi joriy etilmoqda. «Oila davrasida» gazetasida shu haqda maqola e’lon qilindi.

— Bugungi kunda chorva mollarining 90-95 foizi aholi qaramog‘ida saqlanadi. Bu esa ular hisobini yuritish, migratsiyasini nazorat qilish va eng muhimi, yuqumli kasalliklarga qarshi emlashda qiyinchilik tug‘dirmoqda, — deydi O‘zbekiston Resublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining davlat veterinariya nazorati boshqarmasi boshlig‘i Abdurasul Boltayev. — Mazkur muammolarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi «Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 748-son qaroriga asosan, qishloq xo‘jaligi va uy hayvonlari bosqichma-bosqich identifikatsiya qilinib, yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi.

— Identifikatsiyalash tartibi qanday amalga oshiriladi?

— Bunda yagona axborot tizimiga ma’lumotlarni hududiy veterinariya bo‘linmalari kiritadi. Hayvonlarga quloqqa taqiladigan birka (yirik va mayda shoxli qoramol, tuya va cho‘chqalar uchun), tavro yoki kleyma (ot va eshaklar), jetonlar (kuchuk va mushuklar) berilib, individual raqamlanadi. Bundan tashqari, barcha turdagi hayvonga elektron chip o‘rnatiladi. Identifikatsiyalash jarayoni pulli, ammo uning narxi aholiga hamyonbop bo‘lishi nazarda tutilgan.

— Bazadan hayvon to‘g‘risidagi qanday ma’lumotlar joy oladi?

— Jonivorning raqami, turi, jinsi, laqabi, tug‘ilgan joyi va vaqti, egasining ism-sharifi hamda manzili, saqlash joyi, veterinariya pasporti haqidagi ma’lumotlar hamda hayvonning rasmi ham o‘rin oladi.

— Hayvonlarni identifikatsiya qildirmasa ham bo‘ladimi?

— Yo‘q. Hayvonlarni davlat veterinariya xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazish va identifikatsiya qildirish majburiy. Identifikatsiya qilinmagan hayvonlarni saqlash va boqish taqiqlanadi. Identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut yoki veterinariya pasporti bo‘lmagan hayvon ro‘yxatga olinmagan deb topiladi va ular nazoratsiz hisoblanib, qonun hujjatlariga muvofiq, hayvon egasi javobgarlikka tortilishi mumkin.

— Yangi tug‘ilgan hayvon qancha muddatda identifikatsiya qilinishi kerak?

— Yirik va mayda mollar, shuningdek, tuyalar tug‘ilganidan o‘ttiz kun ichida, ot va eshaklar to‘rt oylikdan, kuchuk va mushuklar uch oylik bo‘lganidan so‘ng hisobga olinadi.

— Jonivor egasi almashsa-chi?

— U holda identifikatsion raqamli atribut o‘zgarishsiz qoladi. Faqat veterinariya pasportidagi ma’lumotlar o‘zgartiriladi va ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Ta’kidlash kerakki, mazkur jarayonda hayvonning yangi egasi doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat veterinariya xizmatining vakiliga yetti kun ichida hayvonni hisobga qo‘yish uchun murojaat qilishi lozim.

Agar hayvon o‘lgan, yo‘q qilingan yoki so‘yilgan taqdirda veterinariya xizmati tomonidan ID-atribut va veterinariya pasporti yo‘q qilinib, bu haqda ma’lumotlar bazasiga qayd etiladi. Go‘shti iste’mol qilinadigan hayvonlar uchun bazaga ma’lumot kiritilganida u yerga go‘shti iste’mol qilingani yoki yo‘q qilingani qayd etiladi. Bunda fuqaro ID-raqamli atribut va veterinariya pasporti yo‘q qilinishi uchun uni bir hafta muddat ichida yashash joyi bo‘yicha davlat veterinariya xizmatiga topshirishi zarur.

— Mazkur tizimning joriy etilishi aholiga qanday qulayliklarni yaratadi?

— Birinchidan, davlat tomonidan hayvonlarni nazorat qilish mexanizmi osonlashadi. Ikkinchidan, aholiga yetkazib beriladigan asosiy turdagi oziq-ovqatlar — go‘sht, sut, tuxum kabilarning veterinariya jihatdan xavfsizligini ta’minlashga erishiladi. Chunki identifikatsiyalangan hayvonlarda yuqorida aytilganidek barcha ma’lumotlar — tug‘ilgan paytidan boshlab sog‘lig‘igacha, vaqtida emlangani, veterinariya ko‘rigidan o‘tgani va yakuniy xulosasi, xullas, hammasi mujassamlashgan bo‘ladi.

Negaki, elektron identifikatsiyalash to‘liq ishga tushgandan so‘ng, istiqbolda ixtisoslashgan so‘yish korxonalarida so‘yilgan har bir hayvon go‘shti deylik, bir, ikki, besh va hokazo kilogrammlarga alohida ajratilib, unga markirovkasi yopishtiriladi. Shunda fuqaro sotib olgan mahsuloti haqida to‘liq xabardor bo‘ladi. Bu esa iste’molchi huquqlarini himoya qilishning samarali usulidir.

Buning yana bir ijobiy jihati shuki, bordiyu, fuqaro o‘z hayvonini yo‘qotib qo‘ysa, o‘sha birka, jeton yoki teri ostidagi chip va tegishli veterinariya pasporti orqali bir zumda uning egasi kimligini aniqlash imkoni yaratiladi.

Mazkur ishlarni 2020-yilning 1-iyuliga qadar nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring