Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sinvarning o‘limi «Hamas» uchun jiddiy zarba bo‘ldi, ammo bu urushning oxiri emas

Sinvarning o‘limi «Hamas» uchun jiddiy zarba bo‘ldi, ammo bu urushning oxiri emas

1990 yillardan beri Isroil HAMASning har bir yangi rahbarini o‘ldiradi, lekin har doim uning o‘rnini bosuvchisi bor, deb yozadi BBC nashrining xalqaro muharriri va Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Jeremi Bouen.

Yahyo Sinvarning o‘ldirilishi Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi urushdagi eng katta g‘alabasi bo‘ldi.

U maxsus kuchlarning rejalashtirilgan operatsiyasida emas, G‘azo janubidagi Rafah shahrida isroillik askarlar bilan tasodifiy to‘qnashuvda halok bo‘lgan.

Voqea joyida olingan suratda Sinvar Isroil tanki tomonilan portlatilgan bino vayronalari orasida harbiy kiyimda o‘lik holda yotibdi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu askarlarni olqishlab, g‘alaba qanchalik katta bo‘lmasin, bu urushning oxiri emasligini aytgan.

Benyamin Netanyahu urushning asosiy maqsadi — harbiy va siyosiy kuch sifatida HAMASni yo‘q qilish va isroillik garovga olinganlarni uylariga qaytarish ekanini ko‘p marta takrorlagan. Biroq kamida 42 000 falastinlik halok bo‘lgan va G‘azoning ko‘p qismi vayronalarga aylanib, bir yildan ortiq davom etgan urushga qaramay, hech biriga erishilmadi.

Garovga olinganlar hamon ozod qilinmagan, HAMAS esa jangni davom ettirmoqda.

Yahyo Sinvar 1962 yili G‘azo sektoridagi Xon Yunis qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Olti kunlik urush paytida shahar Isroil tomonidan bosib olinganida u besh yoshda edi.

Uning oilasi Isroil mustaqilligi bilan yakunlangan 1948 yilgi urush paytida Isroil qo‘shinlari tomonidan o‘z uylaridan quvilgan 700 000 dan ortiq falastinlik orasida edi.

Uning oilasi Xon Yunisga G‘azo sektorining shimoliy chegarasi yaqinida, hozirgi Ashkelon deb nomlanuvchi hududdan ko‘chib o‘tgan.

20 yoshida Sinvar Isroil hukumati tomonidan to‘rtta falastinlik ayg‘oqchini o‘ldirishda ayblangan.

Qamoqdagi 22 yil davomida u ibroniy tilini o‘rgandi, dushmanini o‘rgandi va u bilan qanday kurashishni o‘zlashtirdi.

Sinvar 2011 yilda isroillik askar Gilad Shalitga almashtirilgan mingdan ortiq falastinlik mahbuslar qatorida ozod qilingandi.

O‘tgan yilning 7 oktyabrida Isroilga puxta rejalashtirilgan hujumlar natijasida Sinvar va uning militsiyasi Isroilga tarixidagi eng katta mag‘lubiyatini keltirdi.

Sinvarning o‘z vaqtida mahbuslar almashinuvida ishtirok etgani tajribasi uni isroilliklarni garovga olish qanchalik qimmatli ekaniga ishontirgan bo‘lishi mumkin.

Tel-Avivda HAMAS tomonidan asirda bo‘lgan qolgan isroilliklarning oilalari (101 kishi bor, lekin Isroil hukumati ularning yarmi allaqachon o‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytadi) hukumatdan qarindoshlarini uyiga qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni hamon talab qilishmoqda.

Garovga olinganlardan birining onasi Eynav Zangauker Isroil Bosh vaziriga murojaat qildi:

«Netanyahu, garovga olinganlarni dafn qilmang. Vositachilar va jamoatchilik oldiga boring va Isroilning yangi tashabbusini ayting».

«Mening farzandim va G‘azo tunnelidagi boshqa garovga olinganlar uchun vaqt tugadi. G‘alabangizning isbotlari bormi? Endi kelishuvga erishing!»

«Netanyahu urushni cho‘zish va o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun garovga olinganlardan voz kechishga qaror qilgan. Hamma qaytib kelmaguncha biz taslim bo‘lmaymiz».

Ko‘pchilik isroilliklarning fikricha, Netanyahu Sinvar va uning jangchilari Isroilga bostirib kirishiga imkon bergan xavfsizlikdagi muvaffaqiyatsizlik uchun hisob-kitob kunini kechiktirish maqsadida G‘azodagi urushni cho‘zmoqchi. Shuningdek, bosh vazir korrupsiya borasidagi jiddiy ayblovlar bo‘yicha sud jarayonining qayta boshlanishini noma’lum muddatga kechiktirmoqchi.

Sinvarning vatani Xon Yunis xarobalarida mahalliy muxbirlarga intervyu bergan falastinliklar urush davom etishini aytishgan.

«Bu urush Sinvarga ham, Haniyaga ham, Mash’alga ham, biror rahbar yoki amaldorga ham bog‘liq emas», - deydi doktor Ramazon Foris. ­- «Bu Falastin xalqiga qarshi qirg‘in urushi, buni hammamiz bilamiz va tushunamiz. Muammo Sinvar yoki boshqalardan ancha chuqurroqdir».

«Ular butun Yaqin Sharqni xohlashadi. Ular Livan, Suriya va Yamanda jang qilmoqda. Bu 1919 yildan beri, ya’ni 100 yildan ortiq davom etayotgan biz bilan yahudiylar o‘rtasidagi urush», - deydi Adnan Ashur.

G‘azoda urush davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring