Sobiq mahkuma: «Xatolarim jazosini o‘tadim»

Buxoroda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi va boshqa qator mas’ul tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirokida «Jaholatga qarshi – ma’rifat» shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
«Islomiy jihod ittihodi» diniy ekstremistik oqimi rahbari hamda «Kamensk-Uralskiy jihodiy jamoati» a’zosi H.E. separatistik, fundamentalistik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan boyitilgan ma’ruza, eslatma va qo‘shiqlar targ‘ibotchisiga aylangandi. Fuqaro A.H. ham uning tuzog‘iga ilinib, xalqaro terroristik tashkilotlar birlashuvidan tashkil topgan «Iroq Shom Islom Davlati» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shildi.
A.H. odamlarning tuyg‘ularidan foydalanishni juda yaxshi bilardi. U, nafaqat, begonalarni, balki, yaqin qavm-qarindoshlariniyam o‘z tuzog‘iga xamirdan qil sug‘urgandek oson ilintirdi. «Bundaylarni bir marta moddiy qo‘llab-quvvatlab «signal» bersa, tamom-vassalom, dini va Vatani tayinsiz bunday betayin yigitlar ota-ona va oila tugul, o‘zlari tug‘ilib o‘sgan yurtni ham alg‘ov-dalg‘ov qilishga tayyor turishadi...» — deyishardi terroristik tashkilot yetakchilari N.I. hamda A.H.lar haqida so‘z ketganda.
Romitanlik A.H. o‘z «xizmat»lari evaziga aka-uka, singlisiyu kuyovlari va sinfdoshlarini aldab, xorijga daromadli ishga chaqirdi. Yaqin qavmlarni begona yurtdagi qat’iy tartibda o‘rnatilgan diniy muhitda qiyin-qistov bilan yashashga majburladi. Ularning taqdiri bilan qiziqmadi.
Buzg‘unchi mafkuraviy guruhlar ta’siriga tushib, o‘z insoniy fazilatlarini yo‘qotgan bu kimsaning kirdikorlari qiynoqlarda qolgan o‘z qarindoshlarining murojaatlari bilan fosh etildi. Har biri o‘z hatti-harakatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi turli moddalari bo‘yicha jazolangan.
«Aql bo‘y bilan emas, o‘y bilan o‘lchanganidek, har bir inson aql bilan idrok etib, hayotda hushyor bo‘lgan taqdirdagina tinchlikning, mustaqil davlatning qadriga yetadi. Biz, bir yaqin qarindoshlarimizning nayranglariga uchib, ham o‘zimizni, ham jonimizni xavfga qo‘yibmiz. Bilib-bilmay qilgan xatolarimning jazosini o‘tadim. Ko‘zlarim ochildi. Davlatimizga minnatdorlik bildirishdan charchamaymiz, zero, bizning xatolarimizni kechirdi, yo‘lboshida bizni to‘xtatib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi. «Jaholatga qarshi – ma’rifat» shiori ostidagi targ‘ibot tadbirida ishtirok etar ekanman, bunday uchrashuvlar yoshlarimizni yo‘ldan ozdirishga va ular ongiga o‘zlarining puch g‘oyalarini singdirishga urinayotganlarga qarshi zarba bo‘la oladi, deb o‘ylayman»,— dedi muddatini o‘tab qaytgan sobiq mahkuma.
Buxoro viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida Buxoroda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri pushaymonlikda umrini temir panjara ortida o‘tkazgan ko‘plab taqdirlar uchun yana bir karra saboq bo‘ldi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi va boshqa bir qancha mas’ul tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirokidagi targ‘ibot tadbirlariga O‘zbekistonning turli hududlarida faoliyat yuritib kelayotgan 219 ta tuman, shahar bosh imom-xatiblari jalb etilgan.
«Ma’lumki, insoniyat qadim-qadimdan jaholatga, bid’at va xurofotga qarshi ma’rifat bilan kurashishga intilib keladi. Unga qarshi kuch ishlatish yo‘li orqali zo‘ravonlik vositasida kurash olib borilsa, jaholat avvalgidan battarroq kuchayib ketishi mumkin.
Bugungi kunda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli nuqtalarida keskin tus olayotgan urushlar jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozimligini har qachongidan ko‘ra, muhim ekanini ko‘rsatmoqda. Olib borilgan tadqiqot ishlariga ko‘ra, har doimgiga nisbatan yoshlardagi ma’naviy bo‘shliq darajasi yuqori. Ularni turli tajovuzlardan himoya qilish uchun milliy o‘zligimiz, qadriyatlarimiz, bebaho tariximiz bilan to‘ldirishimiz kerak. Inson o‘zligini anglashi, daxldorligini bilishi lozim. Va atrofdagi voqeliklarga befarq bo‘lmasdan, dunyoviy va diniy bilimlarni chuqur o‘rganish va bilish doimo izlanishda bo‘lsa, albatta, jaholatga qarshi ma’rifat kurasha oladi»,—dedi O‘zbekiston Respublikasi din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi maslahatchisi Ilhom Ma’rupov «Xabar.uz»ga bergan intervyusida.
Ma’naviyat uchrashuvlari hozirga qadar Buxoro shahridagi «Jo‘ybori kalon» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muasssasi, Mir Arab oliy madrasasi, Yoshlar markazida va boshqa qator mahallalarda o‘tkazildi.
«Tezda boyib ketaman, deb xorijga ishlash uchun ketgan edim. Qalloblarning qo‘liga tushib qolganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Natijada mo‘may daromad topaman, deb, osongina jihod bilan shug‘ullanayotganlarning tuzog‘iga ilinib qoldim. Milliy madaniyat kushandasi bo‘lgan turli g‘ayir harakatlarga qarshi «Jaholatga qarshi ma’rifat» shiori ostidagi loyihalar sabab Suriyadan sharif shahrimga qaytdim. Uch-to‘rt yildan buyon tinch va xavfsizman. Qilmishlarimni kechirib, meni avf etgan davlatimga ziyodalik tilayman»,— dedi 37 yoshli ayol Z.Q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter