Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq turmush o‘rtoqdan rozi bo‘ling — baxt eshigi ochiladi

Sobiq turmush o‘rtoqdan rozi bo‘ling — baxt eshigi ochiladi

foto: chatgpt

«Mening yoshim o‘ttizda. Besh yashar o‘g‘lim bor. Erim bilan ajrashganman. Ikkinchi marta turmushga chiqqim kelmaydi. Chunki erkak zotini yomon ko‘rib qolganman. Ular turmush qurishga takliflar bildirsa, asabiylashib ketaman. Ammo keyin siqilib yuraman... Nima qilay? S.B.»

Bu ayolning miyasida birinchi oilasidan salbiy fikr qolib, turmush o‘rtog‘idan rozi bo‘lmagan. «Men haqman, erim nohaq» degan tushuncha bilan ajrashgan. Toki u sobiq umr yo‘ldoshini kechirib, yuragidan ginalarni chiqarmagunicha ikkinchi insonga qalbini ocha olmaydi. Sobiq eridan rozi bo‘lib, yaxshimi-yomonmi, birgalikda o‘tkazgan har bir kuni, o‘rtada tug‘ilgan farzandi uchun minnatdor bo‘lishi kerak.

Axir bu ayol o‘zi yomon deydigan insonning farzandini yaxshi ko‘rib voyaga yetkazyapti, shunday emasmi?! Yuragida saqlab kelayotgan nafratdan qutulish yo‘llarini izlasin. Norozilik davom etaversa, ikkinchi bor turmush qurgan taqdirda ham baxtli hayot kechira olmaydi. Birinchi oilasidan ajrashishdan maqsadi baxtli bo‘lish edi-ku, to‘g‘rimi?

Mayli, siz turmushda baxtsiz bo‘lmagandirsiz, eringiz bilan bir-biringizni tushunmagandirsiz, demak, ajralib yanada chiroyli, mazmunli yashashni niyat qilgansiz. Shunday ekan, ilk turmushingiz baxtingiz emasligini tan olib, faqat rozi bo‘lib ketishingiz, o‘rtadagi sovuqchilikni bartaraf etishingiz kerak.

To‘g‘ri, siz sobiq eringizning huzuriga borib, rozi-rizochilik so‘ray olmasligingiz mumkin. Ammo bu ishni qalbingiz, xayolingizda amalga oshirsangiz bo‘ladi. Siz ich-ichingizdan unga baxt tilang. Men tole ato etmagandirman, erimning yo‘lini to‘sgandirman, deb yo‘l bering. U noto‘g‘ri ish tutgan, lekin mening ham adashgan joylarim bordir, ayb qilgandirman, deng. Sobiq eringizga baxt tilang, ana shunda yo‘lingiz ochilib, Xudo sizga istagan juftingizni ato etadi.

Har bir insonning o‘z haqiqati bor. Juftliklarning ana shu haqiqatlari bir-biriga mos kelsagina ular baxtli hayot kechirishadi.

Yana bir maslahatim: hech qachon hayotda yolg‘iz o‘taman demang, zero, yolg‘izlik faqat Yaratganga xos. Bunday fikrlab, siz aslida hayot haqiqatiga qarshi chiqayotganingizni ham unutmang.

Darvoqe, «Erkaklarning hammasi yomon, men zo‘rman», deb manmanlikni oshirib yubormang. Shuni yodda tutingki, aynan o‘sha «men» hissini sindirish uchun ham ba’zi ayollarga johil, badjahl erlar uchraydi. Ayol yoshroq bo‘lgan paytda turmushini tiklab olgani ma’qul, ulg‘aygan sari bu jarayon murakkablashib ketaveradi. Faqat oldingi xatolari nimada ekanligini anglab yetsin. Aks holda keyingi turmushida ham o‘sha xatolarga yo‘l qo‘yaveradi.

«Go‘zal hayot tilsimi» kitobidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring