Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘gal xavflimi? Shifokor ayrim tafsilotlarni ochiqladi

So‘gal xavflimi? Shifokor ayrim tafsilotlarni ochiqladi

Xalq tilida so‘gal yoki «ortiq» deb ataluvchi nuqsonlarning ayrimlari tashqi ekologik omillar, kimyoviy ta’sirlar va quyoshning ultrabinafsha nurlari natijasida kelib chiqsa, ba’zilarini turli virus va infeksiyalar chaqiradi.

Xo‘sh, bular inson salomatligi uchun qanchalik xavfsiz?

Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Avaz Inoyatov javob berdi.

 — Terida paydo bo‘luvchi o‘simtalar xavfli, xavfsiz, yuqumli va yuqumsizligiga qarab alohida turlarga ajratiladi, — deydi mutaxassis. — Xususan, bazalioma, yassi teri to‘qimalari o‘smasi va melanoma xavfli, siringoma, yog‘ bezlari giperplaziyasi, ksantelazma, miliuma, keratoma kabilar esa xavfsiz o‘smalarga kiradi.

Bugun tibbiyotimizda teridagi har qanday nuqson va kasalliklarni kechiktirmay aniqlash hamda davolash bo‘yicha yetarli shart-sharoit mavjud. Diagnostika va davolash jarayonida yuqori texnologik usullar hamda zamonaviy shifo usullaridan foydalaniladi.

Faqat har bir kishi o‘z salomatligiga befarq bo‘lmay, vaqtida shifokor qabuliga borishi va tavsiyalarga amal qilishi lozim. Afsuski, ba’zilar terida paydo bo‘ladigan so‘gal va «ortiq» kabi o‘smalarni o‘z bilganicha yulib tashlab, har xil surtmalar bilan davolashga harakat qiladi.

Bu mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lib, sog‘lik uchun xavflidir. Negaki, terida paydo bo‘ladigan har qanday muammo biror kasallik belgisi bo‘lib, uni shifokor nazorati ostidagina davolash lozim. Aks holda xavfli o‘smalar rivojlanishi yoxud xavfsiz o‘simta infeksiyalari organizmga yoyilib, ikkilamchi xastaliklarni chaqirishi mumkin.

Tibbiyotimizda xavfsiz o‘smalar elektrokoagulyasiya, krioterapiya, lazer destruksiya, radioto‘lqinli usullar va tibbiy preparatlar bilan davolanmoqda. Xavflilari esa jarrohlik, nur va kimyoterapiya usulida muolaja qilinyapti. Muhimi, bu jarayonda kutilgan natijaga erishish va kasallikni butunlay bartaraf etish uchun uni o‘z vaqtida aniqlash zarur. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring