So‘kong‘ich hokim qattiq ogohlantirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan, haqoratli so‘zlar ishlatilgan muloqotning audioyozuvi yuzasidan Namangan viloyati hokimligi tomonidan tumanda o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat hokimining o‘rinbosari Tohirjon Rapiqov, viloyat prokurorining o‘rinbosari Shuhrat Qosimov ishtirokida tuman markazi Jomashuyda MMTP raislari, fermerlar, tuman faollari hamda oqsoqollar bilan muhokama yig‘ilishi tashkil etildi.
Uchrashuv chog‘ida Mingbuloq tumani hokimiga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvning haqiqatdan tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga tegishliligi aniqlandi. Audioyozuvda qayd etilgan muloqotning 2019-yil 10-dekabr kuni tumandagi «Gigant» mashina saroyida «Gigant», «Gulbog‘-1», «Guliston» MMTP hududlariga kiruvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida yuz bergani, tuman hokimining etikaga mos kelmaydigan so‘zlari texnikalarini kelgusi yil tayyorgarligi doirasida ta’mirlash uchun dislokatsiya bo‘yicha belgilangan saroyga olib kelmagan fermerlarga qaratilgani ma’lum bo‘ldi.
Tuman hokimining bu boradagi topshirig‘i 2019-yil 5-noyabrda e’lon qilingani hamda texnikalarni to‘liq ta’mirdan chiqarishning so‘nggi sanasi 2019-yil 10-dekabr etib belgilanganiga qaramay ba’zi fermer xo‘jaligi rahbarlarining bu topshiriqqa e’tiborsiz bo‘lgani yuzasidan muhokama o‘tkazgan tuman hokimi muloqot chog‘ida haqoratli so‘zlardan foydalangani o‘sha yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan tasdiqlandi.
Yig‘ilishda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tuman hokimining bunday tarzda ishlashini keskin tanqid qildi.
«Zo‘ravonlik siyosati, so‘kong‘ichlik siyosati eski davrda qoldi. Hech kim birovni haqoratlashga, shaxsiyatiga tegishga haqqi yo‘q. Rahbar odam har ishni qonun doirasida bajarishi kerak. Agar hokimning qonuniy talabni bajarmaydiganlar bo‘lsa, ularga aynan qonun doirasida chora ko‘rilishi lozim, so‘kinish bilan ish tutib emas. Bugungi kun hokimi o‘z ishi bilan, so‘zi bilan, xulq-atvori bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi shart. Davlat siyosati hokimlardan odamlarni rozi qilib ishlashni talab etadi», — deb ta’kidladi Xayrullo Bozorov.
Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyev vaziyatdan o‘ta pushaymonligini bildirdi. Aybini to‘liq tan olib, yig‘ilganlar hamda tuman xalqidan kechirim so‘radi.
«Tuman hokimi sifatida bunday xatoga yo‘l qo‘yganim bu — mening aybim. Hayotda men uchun katta dars bo‘ldi. Haqiqatda pushaymonman. Barchadan ming bor uzr so‘rayman. Bunday holat umuman takrorlanmaydi deb va’da beraman. Bundan buyon faoliyatimda qonun ustuvorligini to‘la ta’minlayman», — dedi Nurshod Xudoyberdiyev.
«Nurshod Xudoyberdiyev viloyat hokimligi tomonidan qattiq ogohlantirildi. Viloyat prokuraturasi ushbu audioyozuv yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, ma’muriy javobgarlik jihatini aniqlashi hamda qonuniy chora ko‘rishi belgilandi. Viloyat prokuraturasining qarori yuzasidan qo‘shimcha bayonot e’lon qilinadi», — deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter