Soliq inspektori va sud-ekspertiza markazi xodimi qo‘lga olindi

Xorazmda soliq inspektoriga, Qashqadaryoda esa sud-ekspertiza markazi xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xorazm viloyati Yangiariq tumani davlat soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘’basi davlat soliq inspektori trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJning soliq qarzdorligini undirmasdan, uni bankrotlik asosida tugatib berish evaziga o‘zining yaqin aloqasi orqali 900 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda soliq inspektoriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Yakkabog‘ tumanida yashovchi, 1985 y.t., muqaddam sudlangan shaxs chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik tomonidan suv ta’minotiga noqonuniy ulanib, foydalanganligi holati bo‘yicha aniqlangan 99 mln. so‘mlik zararni tegishli tashkilot ekspertlari orqali yo‘q qilib berish evaziga, fermer xo‘jalikning ish boshqaruvchisidan 1500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining Qashqadaryo viloyat bo‘linmasi eksperti ushbu 1500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda fuqaro va ekspertga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter