Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«S&P» «O‘zmilliybank» AJning reyting prognozini «ijobiy»ga ko‘tardi

«S&P» «O‘zmilliybank» AJning reyting prognozini «ijobiy»ga ko‘tardi

«S&P Global Ratings» xalqaro agentligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining reyting prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga ko‘tardi hamda bankning uzoq va qisqa muddatli kredit reytinglarini BB-/B darajasida tasdiqladi. Ushbu yutuq bankning barqaror rivojlanayotgani va mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik rol o‘ynayotganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu o‘zgarish O‘zbekistonning suveren reytingi prognozining o‘zgarishidan so‘ng amalga oshdi. «S&P» agentligi mamlakatda kuzatilayotgan ijobiy makroiqtisodiy tendensiyalar, keng qamrovli islohotlarning izchil amalga oshirilayotgani va investorlar ishonchining ortib borayotganini yuqori baholadi. Ana shunday sharoitda «O‘zmilliybank» AJ o‘z faoliyatida barqarorlik va samarali boshqaruvni namoyon etib, mamlakat moliya tizimida muhim o‘rin tutishda davom etmoqda.

«Bank diversifikatsiyalangan biznes modeli, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi hamda barqaror kapitalizatsiyasiga tayangan holda moliya bozorida o‘zining yetakchi pozitsiyalarini saqlab qolmoqda», — deyiladi S&P hisobotida.

Prognoz oshishiga ta’sir qilgan asosiy omillar:

- Barqaror rivojlanish va bozordagi yetakchilik. «O‘zmilliybank» AJ iqtisodiyotni moliyalashtirishda faol ishtirok etish hamda xavflarni samarali boshqarish borasida muvozanatni saqlash orqali rivojlanish strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

- Investorlar ishonchining ortishi. Bankning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi hamda barqaror moliyalashtirish profili uni xalqaro moliya institutlari uchun ishonchli va jozibador hamkorga aylantirmoqda.

- Moliyaviy barqarorlik. «S&P» xalqaro agentligi kapital va likvidlikning yetarli darajada ekanligini, shuningdek, bankning tartibga solish sohasidagi o‘zgarishlarga moslashuvchanligini e’tirof etdi.

Istiqbollar

S&P agentligining prognoziga ko‘ra, kelgusi 12 oy mobaynida «O‘zmilliybank» AJ o‘zining barqaror pozitsiyalarini saqlab qolishi va bank sektorida davom etayotgan transformatsiya jarayonlaridan foyda ko‘rishi kutilmoqda. Agar mamlakatning suveren pozitsiyalari yanada mustahkamlansa, bank reytingi oshishi mumkin.

«Ijobiy prognoz O‘zmilliybankning biznes obro‘sining mustahkamlanayotgani va uning O‘zbekiston moliya tizimidagi tayanch bank sifatidagi roli ortib borayotganini ko‘rsatadi», — deyiladi agentlik bayonotida.

«S&P» agentligi O‘zmilliybankning barqaror faoliyat olib borayotgani, davlat bilan yaqindan hamkorlik qilayotgani hamda diversifikatsiyalangan biznes-modelga ega ekanligini alohida ta’kidladi. Bank kapital va likvidlikning yetarli darajasini saqlab, moliyalashtirishda barqarorlik va xilma-xillikni namoyon etmoqda.

2024 yil yakunlari bo‘yicha bank O‘zbekistonning eng yirik soliq to‘lovchilari o‘ntaligiga kirgani uning faoliyati samarali ekanligining yana bir isbotidir. O‘zmilliybank mamlakat budjetiga 1,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazib, milliy reytingda 8-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 48 foizga ko‘pdir. Mazkur ko‘rsatkich bank mamlakat rivojlanishida muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, bankning:

• jami kapitali 8,4 foizga oshib, 1,6 mlrd AQSh dollariga yetdi;

• aktivlari 8,1 foizga o‘sib, 10,5 mlrd AQSh dollariga yetdi;

• kredit portfeli 8 foizga 8,7 mlrd AQSh dollariga oshdi.

Sof foyda 133 mln AQSh dollarini tashkil etdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston banklari orasida yetakchi o‘rinni egalladi.

2024 yilda bank energetika, tibbiyot, transport, farmatsevtika kabi sohalarda umumiy qiymati 1,5 mlrd AQSh dollariga teng jami 286 ta muhim loyihani moliyalashtirdi.

«S&P» xalqaro agentligi O‘zmilliybank kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirgani xalqaro investorlar uchun katta «signal» bo‘ldi. Ushbu yutuq bankning barqaror moliyaviy va operatsion modeliga berilgan yuksak baho, uning strategik ahamiyati hamda keng ko‘lamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotganini aks ettiradi. Investorlarning ishonchi tobora ortayotgani bankning ishonchli va ochiq hamkor sifatidagi investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, xalqaro kapital bozorlariga chiqish va uzoq muddatli moliyalashtirishni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. O‘zmilliybank O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilishda asosiy moliyaviy institutlardan biri bo‘lib, ustuvor tarmoqlarni faol qo‘llab-quvvatlash hamda strategik sheriklik uchun barqaror platformani shakllantirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring