Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV: kecha aholi orasida aniqlangan kasallar — sotuvchi, ish yurituvchi, bemor va bir oila a’zolari

SSV: kecha aholi orasida aniqlangan kasallar — sotuvchi, ish yurituvchi, bemor va bir oila a’zolari

Foto: «Xabar.uz»

Ayrim hududlardagi tuman va mahallalarda aholi orasida koronavirusga chalinganlar guruh-guruh bo‘lib chiqayotgani vaziyatning xavotirli ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday holatda odamlarning bir joyga yig‘ilmasligi, turli tadbirlarni o‘tkazishdan vaqtincha tiyilib turishlari koronavirusning oldini olishda juda muhim hisoblanadi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Vazirlik xabariga ko‘ra:

- 18-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 85 nafar bemordan 28 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 19-iyun kuni 179 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi  ham, aholi orasida koronavirusga chalinish holati ham kundandan-kunga keskin  oshgan.

- 19-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 24 nafar, Namangan viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyatida esa 2 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Chilonzor tumanidagi savdo do‘koni sotuvchisi bo‘lgan N.da (Sergeli tumanilik, shu yilning 18-iyunidan tana harorati ko‘tarilgach, shifokorga murojaat qilgan), Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi A.da hamda uning o‘g‘li va qizida, poytaxtimizda bo‘lib turgan Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi O.da (profilaktika maqsadida Toshkent shahar SEOM laboratoriyasiga namuna topshirgan), Uchtepa tumanida yashovchi 3 nafar nafaqada bo‘lgan fuqarolarda hamda Yunusobod tumanidagi  bir oilaning 6 nafar a’zosida (tana harorati ko‘tarilgach, oilaviy tumandagi 52-oilaviy poliklinikaga murojaat qilgan) kasallik qayd etilgan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Pop tumani G‘urumsaroy MFYda yashovchi 3 nafar fuqaro (shu yilning 17-iyun kuni tana harorati ko‘tarilgach, vrachga murojaat qilgan)da, Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimligi sektori ish yurituvchisi G.da (profilaktika maqsadda namuna olingan) hamda O‘rtachirchiq tuman tug‘ruq bo‘limidagi bemor Z.da ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Mazkur kasallik aniqlangan fuqarolarning aksariyati tana harorati ko‘tarilgach, shifoxonaga murojaat qilishgan va namuna topshirishgan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan tiyilishlarini, va albatta, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘l berib salomlashib, quchoq ochib ko‘rishishdan saqlanishlari, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqobni to‘g‘ri  taqish kabi karantin va sanitariya  qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qoladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring