Sud qarorini bajarmagan rahbarning avtomashinasi musodara qilindi
Budjetning 38 million so‘m mablag‘ini talon-toroj qilgan buxorolik rahbar qarzni to‘lamagani uchun yana 50 baravar jarimaga tortildi. Keyin mashinasi musodara qilindi.
Joriy yilning sentyabr oyida Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida «P trans O» (o‘zgartirilgan) MChJning rahbari — asli buxorolik 29 yoshli M.R.ning jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan (JK 167-moddasi, 2-qismi “v ,g” bandlari hamda boshqa moddalar bilan ayblangan).
Hujjatga ko‘ra, M.R. buyurtmachi «Toshkent viloyati mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» DUK bilan pudratchi sifatida o‘zining rahbarligidagi «P trans O» MChJ o‘rtasida «Piskent tumani, Kultepa MFY hududidagi Guliston, Navro‘z, O‘yingoh va boshqa ichki ko‘chalarni asfaltlash» bo‘yicha tuzilgan shartnoma asosida ob’yektda 1 200 859 886 so‘mlik ish hajmlarini bajargan. Biroq, hujjatlarni qalbakilashtirib, 1 239 536 609 so‘mlik ishlar bajarilgan qilib ko‘rsatgan. Bu bilan u o‘ziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo‘lgan budjetning 38 676 723 so‘m mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Sud majlisida sudlanuvchi M.R. ayblovga qisman iqror bo‘lgan, uning aybi jinoyat ishidagi to‘plangan dalillar va hujjatlar bilan to‘liq tasdiqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmiga ko‘ra, M.R. aybdor, deb topilib, undan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida, ya’ni 18 750 000 so‘m jarima davlat foydasiga undirilishi belgilangan.
Majburiy ijro byurosining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimov «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, fuqaro M.R. o‘ziga jazo tariqasida tayinlangan jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan va sudga oid qarorlarga e’tiborsiz qarab kelgan. Ijro hujjati hududiylik bo‘yicha Byuroning Peshku tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.

Qarzdor ijro hujjati talablarini bajarmaslikda davom etib kelavergan. Shundan so‘ng, ijro harakatlariga kirishilib, M.R.ning nomida bo‘lgan barcha mol-mulklarga taqiq qo‘yilgan va unga tegishli bo‘lgan qidiruvdagi «Lacetti» avtomashinasi turgan manzil aniqlangan. Avtomashina belgilangan tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan va musodara qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter