Sud Trampning yana bir qarorini blokladi

Trampning ko‘plab qarorlari ustidan sudga shikoyat kiritilgan.
Bostondagi federal sudya AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Harvard universitetiga nisbatan qo‘llagan taqiq qarori ijrosini vaqtincha to‘xtatdi.
Avval xabar berganimizdek, Oq uy Harvard universiteti ma’muriyatini «zo‘ravonlik va antisemitizmni rag‘batlantirish»da ayblagan va xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilishni taqiqlagan edi.
Hozirda Harvardda 140 mamlakatdan 7 mingga yaqin xorijlik talaba ta’lim olmoqda.
Federal sudya Ellison Barrouz Tramp ma’muriyati chiqargan taqiq qarori universitetga «tuzatib bo‘lmas ziyon» yetkazadi degan xulosaga kelgan va tezkor ravishda uni bloklagan.
Universitet ma’muriyati Tramp ma’muriyatining bu qadamini siyosiy talablarni bajarmagani sabab olingan qasos deb atagan.
Tramp ma’muriyati va AQShdagi eng nufuzli oliy ta’lim maskanlaridan biri – Harvard universiteti o‘rtasidagi ziddiyat bir necha oydan buyon davom etmoqda.
Joriy yil aprel oyida Tramp ma’muriyati universitetni 2,2 mlrd dollar miqdoridagi federal grantlardan mahrum qilgandi.
Universitet Tramp ma’muriyati ustidan sudga da’vo arizasi ham kiritgan. Universitet rahbariyati fikricha, Oq uyning bir necha milliardlik grantni muzlatishi noqonuniy hisoblanadi va bu harakat bilan hukumat ta’lim maskanining akademik erkinligini tahdid ostiga qo‘ymoqda.
«Tramp administratsiyasi ilm-fanga, ta’limga va Harvardga xujum qilib katta xato qilyapti. Jamoatchilik tomonidan Harvardni qo‘llab-quvvatlash avvalgidan ham ko‘proq bo‘ladi. Chunki bu masala nafaqat bitta universitet haqida (mamlakatdan avval tashkil topgan va istalgan administratsiyadan keyin ham mavjud bo‘ladigan), balki so‘z va inson erkinligi, mustaqil institutlar, hayotlarni saqlab qoladigan muhim izlanishlar va AQShni dunyo miqyosida ilm-fan markaziga aylantiradigan prinsiplarga qarshi hujumdir», – deb yozdi Harvard universitetidan iqtisod fanlari doktori unvonini olgan yurtdoshimiz Botir Qobilov.
Gap shundaki, so‘nggi bir yarim yil mobaynida AQShdagi ko‘plab universitetlar qatori Harvard universitetida ham Falastin tarafdorlari tomonidan norozilik namoyishlari o‘tkazildi.
Namoyishchi talabalar Falastin davlati tuzilishiga imkon berish, Isroilning G‘azodagi xunrezligini to‘xtatish, shuningdek, Vashingtondan yahudiy davlatini bir tomonlama qo‘llab-quvvatlashni bas qilish kabi talablarni ilgari surganlar.
Tramp joriy yil 20-yanvar kuni prezidentlik lavozimiga kirishgach, aksilisroil namoyishlari o‘tkazilgan universitetlarga bosimni kuchaytirdi. Oq uy ma’muriyati ularni yahudiylar huquqini buzish va antisemitizmda aybladi.
Davlat departamenti G‘azodagi urushni qoralovchi namoyishlarda qatnashgan yuzlab xorijlik talabalarning vizasini bekor qilmoqda. Ayrim faol talabalar qamoqqa olingan.
Oq uy faol talabalar milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otayotganini aytmoqda. Talabalarning advokatlari esa Tramp ma’muriyati Konstitutsiyada kafolatlangan so‘z, fikr va namoyish erkinligini poymol etmoqda, deb hisoblaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter