Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudlarga berilgan da’volarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatish mumkin bo‘ladi

Sudlarga berilgan da’volarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatish mumkin bo‘ladi

Foto: «Xabar.uz»

«Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qaror bilan sudlar faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari belgilandi.

Jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari kengaytiriladi, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish ta’minlanadi, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2023-yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi:

  • 2021-yil 1-yanvardan sudlarda sud majlisini taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
  • 2021-yil 1-iyuldan apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
  • 2021-yil 1-oktyabrdan barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
  • 2022-yil 1-yanvardan sud qarorlarini taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;
  • 2022-yil 1-iyulga qadar sudlar faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
  • 2023-yil 1-yanvardan sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;
  • sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash.

Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi «Adolat» axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;
  • manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;
  • sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;
  • sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish.

Shuningdek, 2020-yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring