Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sun’iy intellektga oid munosabatlar tartibga solinadi – qonun loyihasi

Sun’iy intellektga oid munosabatlar tartibga solinadi – qonun loyihasi

Illyustratsiya

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilishdi.

Qayd etilishicha, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda milliy qonunchilikka sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish, bunda fuqarolarni huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha normalarni kiritish zarurati vujudga kelmoqda.

Shu boisdan, dastlabki qadam sifatida qonunchilikka sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslariga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, «Sun’iy intellekt» tushunchasiga ta’rif berilishi bilan birga, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilanyapti.

Loyihada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yish talabi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish ko‘zda tutilyapti.

Bundan tashqari, insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanilmasligi ham o‘z aksini topmoqda.

Qonun loyihasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Majlisda deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar ko‘tarildi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollarga batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi sun’iy intellektdan foydalanishni yanada rivojlantirish, turli sohalarga joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish, uni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va tarqatishning oldini olishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring