Surxondaryo: mahalla raisi uzdirgan «gaz»ni butun mahalla ulatolmayapti

Tahririyatga O‘zbekiston janubidagi eng chekka hudud – Surxondaryoning Sariosiyo tumanidan murojaat kelib tushdi.
Unda mingdan ortiq xo‘jalik (4 mingdan ortiq aholi)ning 10 yildan buyon hal etilmay, «otanga bor, enangga bor» qabilida yondashib kelinayotgan muammosi haqida arz qilinadi. Mahalla ahli o‘tgan muddat ichida qayergaki yozib murojaat qilish mumkin bo‘lsa, hammasiga yozgan va tabiiyki, aholi mahalliy mutasaddi tashkilotdan bir xil mazmundagi – shablon javoblarni olib kelavergan...
Eng oxirgilari – Prezidentga va uning bir nusxasi bizga, tahririyatga kelib tushdi.
Gap Sariosiyo tumani hokimiyati ro‘parasidagi, tuman markazida joylashgan Billur mahallasi va u yerda 10 yildirki bema’ni maqsadda tarmoqdan uzib tashlangan tabiiy gazning yo‘qligidan aziyat chekib kelayotgan aholi haqida.
Murojaatda aytilishicha, 1126 ta xo‘jalik istiqomat qilib kelayotgan ushbu mahalla 2015-yilda tabiiy gazga aholidan pul yig‘ishda tug‘iladigan muammolardan qutilish uchun mahalla raisining «bema’ni xati» sabab gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. O‘sha yilning 16-iyunida esa tuman hokimligi ham 667-qarori bilan Billur mahallasini «tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalar ro‘yxati»ga tirkab qo‘ygan. Guyoki shu bilan quloqlar tinch, muammo bartaraf etilgan...
Vaholanki, yuqorida aytilganidek mahalla tuman markazida joylashgan va atrofdagi mahallalar, hatto mazkur mahalla boshida qurilgan «metan zapravka» ham tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Aholi murojaatlari esa (tahririyatda murojaatchilar tomonidan jo‘natilgan hujjatlar, jumladan, 150 nafar kishi tomonidan imzolangan Prezidentga murojaatnoma ham mavjud, -tahr.) amaldorlarning stollarini aylanib kelib «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filialiga yoki tuman hokimligiga kelib tushavergan.
Javoblar esa, ayrim o‘rinlarni istisno qilgandan, deyarli bir xil va taxminan quyidagicha:
«... mahallasidagi ahol xonadonlari Prezidentning 2015-yil 7-iyuldagi PQ-2367-sonli, 2016-yil 10-iyundagi PQ-2545-sonli, 2017-yil 22-iyundagi PQ-3079-sonli qarorlari, Hukumatning 2015-yil 6-apreldagi 26-sonli, 2016-yil 18-apreldagi 44-sonli, 2016-yil 4-apreldagi 47-sonli yig‘ilish bayonlarida belgilangan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimi va tuman hokimligi tomonidan tasdiqlangan qarorlar, jadvallar va ro‘yxatlar asosida tabiiy gaz ta’minoti tanqis va yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlar ro‘yxatiga kiritilib, ushbu mahallaga ijara shartnomasi asosida ovqat tayyorlash va suv isitish uchun maishiy gaz ballonlari ajratilib, suyultirilgan gaz ta’minotiga moslashtirilgani tushuntirildi».
«Hududgaz Surxondaryo»ning Energetika vazirligiga qaytargan javobi esa hammasidan oshib tushgan. Unda yuqoridagi shablon gaplardan so‘ng masalaning «asl mohiyati»ga to‘xtalinadi. Ta’kidlanishicha, mazkur mahallaning tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulanishi «tumanning boshqa hududlarida yashovchi 37 557 ta suyultirilgan gaz bilan ta’minlanuvchilarning haqli (ta’kid tahririyatniki) e’tirozlariga sabab bo‘lib, kuz-qish mavsumida 12 721 ta tabiiy gaz iste’molchilar gaz ta’minotida uzilishlarni keltirib chiqaradi».«Hududgaz»ning Surxondaryo filiali shu bois mingdan ortiq xo‘jalikni qish mavsumida og‘ir sharoitlarda yashashga mahkum qiladi va vazirlikka buni «yuqoridagi omillar sabab aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashni maqsadga muvofiq deb topgani» bilan tushuntiradi.
Murojaatchilarning jon kuydirishicha esa vaziyat orada sarson yurgan so‘rov va javob xatlarida aytilgandek emas. Tuman markazidagi boshqa mahllalarda tabiiy gaz bor va bu texnik imkoniyatlar borligini bildiradi. Qolaversa, mahalla aholisi yaxshi umidlar bilan mana 10 yildirki gazi bo‘lmasa-da, gaz uzatish tarmoqlari (trubalar), gaz taqsimlash asboblarini saqlab keladi.
«Biz tarmoqqa ulanish uchun faqat ruxsat berishlarini so‘rayapmiz, xolos. Qachongacha, markazda yashab tappi-tezak, o‘tin yoqamiz. Yashayotgan sharoitimiz qishloq joylardan ham abgor. Qish kunlari uy isitishga, ovqat qilishga qiynalib kelyapmiz.
Mutasaddilardan biror moddiy yordam so‘ramayapmiz. Gaz tarmog‘iga ulanishimiz uchun hamma sharoitimizni saqlab qo‘yganmiz, shunchaki ruxsat berishsa bo‘ldi», – deydi o‘zini Nazriqul Azimov deb tanishtirgan mahalla a’zolaridan biri.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter