Surxondaryoda haydovchi ikki nafar bolani urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi
Joriy yilning 17-may kuni Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani Darband mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-110 avtomobil yo‘lining 79-kilometrida 2000-yilda tug‘ilgan haydovchi M.B. o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobalt avtomashinasida tezlikni oshirib, o‘rnatilgan svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlangan.
Natijada yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga o‘tmoqchi bo‘lgan 3 nafar voyaga yetmagan bolalardan ikki nafarini urib yuborgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada ko‘rinishicha, haydovchi bolalarga yordam ko‘rsatmay, voqea joyidan qochib ketgan.
Yo‘l transport hodisasi oqibatida 2012-yilda tug‘ilgan R.M. olgan tan jarohati bilan tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga olib borilgan. Biroq bola ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etadi.
«Qolgan ikki nafar voyaga yetmagan bolalarning salomatligi yaxshi, hozirda yashash xonadonida», – deyiladi viloyat IIB xabarida.
Holat yuzasidan Muzrabot tumani IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan. Ammo, rasmiy ma’lumotda jinoyatchining qo‘lga olingani yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter