Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tajang (hayotiy hikoya)

Tajang (hayotiy hikoya)

ru.freepik.com

Haftada ikki, uch kun bir restoranga ishga boraman. Olovga yaqinlashmayman. Xozirliklarga yordam beraman. Nazoratni bo‘ynimga olganman.

Oshpazlik shunday kasbki, qozon boshiga borib qolganingizni bilmay qolasiz.

Oxirgi paytlarda Turkiyada chet elliklar kamaydi. Hujjatsiz yashayotganlarni mamlakatdan chiqarib yuborilishi, arzon ishchi kuchlarni yo‘qotishga sabab bo‘ldi. Oyliklar keskin darajada oshib ketdi. Bir zamonlar, chet elliklar nonimizni yarimta qilyapti deb jar solayotganlar, bugun pullariga ham ishchi topa olmay sarson.

Menga ham takliflar ko‘paydi. Ular taklif qilayotgan maosh Yevropanikidan uncha farq qilmayapti. Shifokorim ruxsat bersa, mazza qilib ishlardim.

Arafa kuni edi. Bayram dasturxoni uchun tayyorgarlik boshlamoqchi edim.

Telefonim jiringladi «Tajang», deb qayd qilgan ekanman. Uni bir men emas, hamma shunday deb ataydi.

– Sabo, bir kunga yordamga kela olasanmi? Bilaman, senga mumkin emas. Hech bo‘lmasa yordamchilarga o‘rgatib turarding.

– Mayli, ustam. Sizga yo‘q deya olmayman.

Ustaning menga juda ko‘p haqi o‘tgan. Qo‘limdan tutib tova aylantirishni o‘rgatgan. Bayram bahona uni xursand qilgim keldi. Yo‘l-yo‘lakay maxsus do‘konga kirdim. Chiroyli oshpazlik kiyimini sotib oldim. Restoranga yetib borganimda ish qizg‘in edi. Usta boshi bilan ishga sho‘ng‘ib ketgan ekan. Yonida yordamchilari. Darrov ishga kirishib ketdim. Ustaning har doimgidek qovog‘i soliq.

– Sabo, mana bularga sho‘rvalarni ta’rifini o‘rgat. Quloqlariga qo‘rg‘oshindek quyib olishsin.

Kulib qo‘yaman. Usta haliyam o‘sha-o‘sha. Tajang. Jahldor. Faqat ancha keksayib qolibdi. Sochlari oqaribdi. Zabardast yelkalari cho‘kib qolgandek, nazarimda. Ammo, harakatlari chaqqon.

Buyurtma keldi. Usta yordamchi qizga buyurdi.

– Penne keldi. Sen tayyorla.

Qiz shoshilib tovani gazning ustiga qo‘ydi. Hamma joyda deyarli bir xil. Massaliqlar yarim tayyor holatga tayyorlab qo‘yiladi. Yordamchi qiz qovurilayotgan qiyma ustiga paketdagi, tayyor penne makaronini soldi. Bo‘shagan paketni stol ustiga qo‘ydi. Taomni taboqqa suzib ustaga qaradi. Usta ko‘ngli to‘ldi, shekilli jo‘nat deb qo‘ydi. Keyin stol ustidagi paketga ko‘zi tushdi. Bo‘shagan paket ichida ikki dona makaron bo‘lagi qolib ketgan edi. Usta vajohat bilan qizga qaradi.

– Bu nima?

– Makaron.

– Penne uchun nimalar kerak?

– Yuz gramm qiymalik masalliq, ikki yuz gramm makaron, besh gram ziravorlar.

– Sen tayyorlagan taomda ikki yuz gramm makaron yo‘q. Ikki donasini chiqindiga otyapsan. Mijozni haqiga xiyonat qilyapsan. Sening bu yerda ishlashingni xohlamayman. Bugun oxirgi ish kuning.

Qiz yosh to‘la ko‘zlari bilan avval ustaga, keyin bizga qaradi. Indamay boshqa ish boshini tutdi.

Hammasini kulib kuzatardim. Chunki, bunday kunlarni men ham yashaganman. Ustani jag‘i tinmasdi.

– Ayol kishiga oshpazlikni kim qo‘yibdi? Yigirma kilolik qozonlarni ko‘tarish sizga qolibdimi? Tova aylantirish uchun kuch kerak. Siz uyda oshpazlik qiling. Bola katta qiling... Alloh, Alloh.

Oshxona ichi isib ketdi. Biroz dam olish uchun besh daqiqalik tanaffusga chiqdim. Ustaga eshittirib yordamchi qizga gapirdim.

– Isming nima?

– Nehir.

– Nehir, menga bir finjon choy olib kel. Bog‘chada bo‘laman.

Nehir choy olib keldi.

– O‘zing ham o‘tir.

– Yo‘g‘e. Usta urishib beradi.

– Men bilan ekanligingni biladi. O‘tir. Senga bir narsa aytib beraman. – Men ishimni idish yuvishdan boshlaganman. Yordamchi bo‘lganimda shu ustani qo‘liga tushganman. Men uni yomon ko‘rardim. Bilasanmi, hozir siz pishirgan tovuq suvi sho‘rvasiga men o‘zgarish kiritganman. Tovuq hidini yo‘qotish uchun sabziga zanjabil, sarimsoq qo‘shib sariyog‘da qovurishni o‘zim o‘ylab topganman. O‘shanda hamma meni maqtagan. Ustadan boshqa hamma. Buyurtma tayyorlayotgan edim. Usta yonimga keldi. Qo‘rqib unga qaradim.

– Qo‘lingni og‘zingga solib ko‘r.

– Nega?

– Aytganimni qil.

Hurkibgina qo‘limni og‘zimga soldim.

– Endi meni qo‘limni sol.

Bir qadam orqaga chekindim. Usta vajohat bilan baqirdi.

– Hammaning qo‘li o‘zi uchun halol. Qo‘lqopsiz ishlash,mijozga qo‘ling bilan taom yedirishdek gap. Sen odam bo‘lmaysan. Bugun oxirgi ish kuning... Alloh, Alloh. Oshpazlik ayol kishining ishimi?

O‘sha kuni o‘zimni majburlab undan kechirim so‘radim. Chunki, ishimni yo‘qotishni xohlamadim. Bunaqa voqealar juda ko‘p bo‘ldi. Kapgir bilan qo‘limga urganini eslayman. Uning har bir do‘q-po‘pisasida kasbga muhabbat bor. Men uningdek halol usta oshpaz ko‘rmadim. Uning etagidan mahkam tut. U sendan katta oshpaz chiqara oladi. Endi, yur. Baqirib qolmasidan ishimizni boshlaylik.

Nehir bilan oshxonaga kirganimizda, usta boshqa yordamchini koyiyotgan ekan. Nehir asta unga yaqinlashdi.

– Usta, meni kechiring. Boshqa takrorlamayman.

Usta qoshlarini chimirib unga qaradi. Keyin qovog‘ini solib buyurdi.

– Bor, ko‘katlarni olib chiqib yuv.

Bu seni kechirdim degani edi.

Qaytish vaqtim kelgan edi. Xadyani ustaning qo‘liga tutqazdim. Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar shaklida shoshilib gapirdim.

– Olmasangiz siz bilan boshqa gaplashmayman. Hoziroq kiyib olasiz.

– Alloh, Alloh. Kiyimsiz qolmaganman. Nega olib kelding?

Keyin ichkariga kirib ketdi. Birozdan keyin yangi ko‘ylakni kiyib chiqdi. Yarashibdi dedim kulib.

– Otang tengi odamga gapingni o‘tkazib, yana tirjayishingga o‘laymi?

Chiqmang desam ham, meni kuzatish uchun orqamdan chiqdi. Kassada o‘tirgan chiroyli yigit salom berdi.

– Oo, usta muborak bo‘lsin. Yangi kiyim kiyibsiz.

– Ha, shogirdim bayramga olib kelibdi.

Uning shu birgina kalimasida go‘dakning maqtanishi kabi, xursandchilik bor edi.

Qo‘llari bilan yangi ko‘ylagini yenglarini silab-silab qo‘yayotgan ustaga qarab jilmaydim.

– Alloh, Alloh. Haliyam shu yerdamisan? Sening uying, bola chaqang yo‘qmi? Ishimdan ham qoldirding.

– Ustam, yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin. Hammasi uchun rahmat.

– Yo‘q bo‘lib ketma. Orada kelib tur. Yo‘llarini topib olgan shogirdlarimni ko‘rsam quvonaman.

Ancha masofadan keyin orqamga qaradim. Ishim ko‘p degan usta haliyam orqamdan tikilib turgan edi. Qo‘llarimni ko‘tarib silkidim. Keyin shoshilib telefonimni qo‘limga oldim. Ustani raqamini topdim.

 «Tajang»  yozuvini o‘chirib, katta harflar bilan  «USTAM» deb qayd qilib qo‘ydim.

                                                              Sabo Ma’rufjonova, Turkiya – Istanbul

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring