Temir odam

Yevropa chempionlar ligasida «PSJ» o‘z tarixida ilk bor g‘alaba qozondi. Tarixiy natijadan keyin asosiy qahramon sifatida jamoa bosh murabbiyi — Luis Enrike ko‘rsatildi.

Bundan 10 yil avval «Chempion» gazetasida Luis Enrike haqida «Temir odam» sarlavhali maqolam chop etilgandi. Unda Luchoning boshiga tushgan sinovlar, ularni qanday yengib o‘tgani haqida hikoya qilingandi. O‘sha maqola yozilganidan keyin ham hayot unga yanada qiyin sinovlarni berdi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, u taslim bo‘lmadi. Taqdir zarbalaridan yiqildi, ammo oyoqqa turdi va boshini baland ko‘tara oldi.
Shu tobda matonatli inson haqidagi o‘sha hikoyani yana qayta e’lon qilishga qaror qildim. Toki bu ko‘pchilikka saboq bo‘lsin: haqiqiy g‘alaba — faqat maydonda emas, turli sinovlar qarshisida sinmaslikdir.
TEMIR ODAM
Uning hayoti o‘ziga xos murakkab marafondan, davomli sinovlardan iborat. U har doim shunday qiyinchiliklarga bardosh bergan, irodali bo‘lgan va oxir-oqibat uni yengib o‘tgan.
Futbolchilik faoliyatida «Sporting Xixon»da o‘zini ko‘rsatgani-yu, so‘ng «Real»ga taklif etilib, egnida Madrid libosi bo‘lsa-da, «Barselona» uning sevimli klubi ekanini yashirmagan Luis Enrike qator mashaqqatlarni yengib, o‘z maqsadiga erishganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. «Sporting»da hujumchi, «Real»da himoyachi, «Barselona»da yarim himoyachi. G‘alabaga erishish uchun shunday uzoq va sinovli yo‘l...

Lucho o‘z falsafasini, hayot yo‘lini shunday qurgani keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Futbolni tark etgach, o‘zining temir irodasini yanada toblash maqsadidami yoki mukammallik yo‘lidami, avvaliga Avstraliyada syorfing bilan (Enrikening ko‘pincha qora ko‘zoynakda yurishining sababi ham shunda — u «syorfingchi ko‘zi», ya’ni pterigiy kasalligini orttirib olgan), keyinchalik dunyoning turli burchaklarida marafoncha yugurish va boshqa murakkab sport turlari bilan shug‘ullanadi.

Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan dastlabki musobaqasida 42 kilometr masofani 3 soatu 14 daqiqayu 9 soniyada yugurib o‘tadi. Luis Enrike faqatgina marafon bilan kifoyalanmaydi. Parallel ravishda triatlon bilan ham shug‘ullanadi. Frankfurtda o‘tkazilgan Iron Man musobaqasida Lucho 3,8 kilometr masofani suvda suzib, 180 kilometrni velosipedda va 42 kilometrni yugurib o‘tadi va finishga 10 soat ichida yetib keladi. Bu hali hammasi emasdi.

2008 yili Enrike sahro marafonida ishtirok etishni maqsad qiladi. Musobaqa ishtirokchilari olti kun davomida Saxroi Kabir qumliklarida 250 kilometr masofani, o‘zi bilan barcha zarur narsalar — ovqat, suv, buyumlarni yelkasiga ko‘targanicha bosib o‘tishlari kerak edi. Lucho aqlbovar qilmas shart va sharoitdagi musobaqada finishgacha yetib boradi.

Kurashuvchanlik, mag‘lubiyatlardan ruhan sinmaslik, qaddini tutib, faqat va faqat olg‘a intilishni o‘zida toblagan Enrike, nihoyat futbolga qaytdi. Murabbiy bo‘lib qaytdi.
Uning murabbiylik faoliyati ham xuddi futbolchilik paytidagidek, marafoncha uslubda kechmoqda. Avvaliga «Barsa B»da tajriba orttirdi, so‘ng «Roma» va «Selta»da o‘z strategiyalarini takomillashtirib oldi. Intilishi va tanlagan yo‘li orqali asosiy maqsadiga — «Barselona» bosh murabbiyligiga erishdi.
«Barsa»ning hozirgi o‘yinlarini ko‘rgan muxlis va mutaxassislarning ko‘pchiligi bunday hujum triosi bilan istalgan murabbiy natija ko‘rsatgan bo‘lardi, deb hisoblaydi. Chetdan qaraganda shunday oson. Lekin bu yulduzlarni maydonda birlashtirish, o‘zaro jipsligini ta’minlashning o‘zi murabbiydan juda ko‘p narsani talab etadi. Yulduzli «Barselona» Gvardiola va Enrike oralig‘ida qanday holatda qolganini ko‘rdik. Yulduzlar ham qat’iyatli murabbiyga muhtoj ekaniga guvoh bo‘ldik.
Luchoning «Barsa»si ham marafoncha uslubda kurashadigan jamoaga aylandi. Mavsum startida kuch saqlanadi, strategiyalar aniq belgilanadi, finish yaqinlashgach, raqiblar birin-ketin ortda qoldiriladi. Bu reja Enrikega birinchi mavsumdayoq olti sovrindan beshtasini qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Bu kurashda Lucho nafaqat raqiblarni, biroz buzilgan ichki muhitni, FIFAning taqiqi va tashqi bosimlarni yenggan holda g‘olib bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. Enrike o‘zi ishlashni istagan, boshqarishni orzu qilgan jamoasi bilan bugun dunyoning eng kuchli murabbiyi bo‘lib turibdi.
Futbolda ibtido va intiho doimo yonma-yon yuradi. Asosiysi, o‘z ortingdan qanday nom qoldirishing. Luis Enrike «Barselona» uchun qanday futbolchi bo‘lganini yaxshi bilamiz. Buning uchun statistikalarni titkilashimiz ham shart emas. Uning so‘nggi uchrashuvini yodga olsak, hammasini tushunib yetamiz.
Lucho 2004 yilning 16 mayida «Barsa» sardori sifatida futbol bilan xayrlashdi. Uchrashuvning 54-daqiqasida u almashtirilayotganda, sardorlik bog‘ichini yechishga uringan chog‘i «Kamp Nou» larzaga keladi, muxlislar uning ismini baralla kuylay boshlaydilar. Shu paytda bog‘ichini yechib, maydonni tark etishiga vaziyat yo‘l qo‘ymaydi — to‘p autga chiqmas, o‘yinda ha deganda to‘xtalish bo‘lavermasdi — xuddi ki hech kim, hatto taqdir ham uning futbolni tark etishini istamayotgandek edi, go‘yo.
Uning o‘rniga tushishi kerak bo‘lgan Mark Overmars ham maydon chetida uzoq kutib qoladi. Bu vaqt oralig‘ida stadionda «Luis Enrike! Luis Enrike!» deya yangragan olqishlar kuchaygandan kuchayardi. Nihoyat, o‘yinda tanaffus yuzaga keldi va Lucho zaxira o‘rindig‘i tomon yo‘l olar ekan, butun «Kamp Nou» o‘rnidan qo‘zg‘aldi, muxlislar tik turganicha uni davomli olqishlashdi. Raqib jamoa ham olqishlarga qo‘shildi. «Barsa» futbolchilari birin-ketin uning oldiga yugurib kelib, sardorga o‘z hurmati va minnatdorligini bildirishdi. Qat’iyatli Enrike bunday baxtdan o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslikka harchand urinmasin, baribir o‘zini kuz yoshdan tiya olmagandi.
Uchrashuv tugab, ulkan stadionni muxlislar tark etib bo‘lishgan. Tribunalarda esa jamoa sardori uchun turli tilaklar bitilgan bannerlar, plakatlar osig‘lig‘icha turardi. Ulardan birida shunday oddiy jumla bor edi: «Hammasi uchun rahmat!»
Enrikening futbolchilik davrida uzoq kutgan eng katta g‘alabasi shu edi. U murabbiylik faoliyatidayam deyarli shu yo‘ldan ketyapti. Bu «marafon»da ham finishni yana xuddi shunday bosib o‘tishiga, shaxsan men ishonaman.
2016 yil, «Chempion» gazetasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter