Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Test sinovlarida yarim milliondan ortiq abituriyent o‘tish ballini ham to‘play olmagan

Test sinovlarida yarim milliondan ortiq abituriyent o‘tish ballini ham to‘play olmagan

DTMning mandat.dtm.uz saytida keltirilayotgan ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 1 mln 73 ming 821 nafar abituriyent testga kirgan bo‘lsa, ularning 51,2 foizi, aniqrog‘i 550 ming nafari o‘tish ballining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni ham to‘play olmagan.

Huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning e’tibor qaratishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi holat bilan solishtirganda ham yomonroq.

Keltirilayotgan raqamlarga qaralsa, o‘tgan yili 36 foiz abituriyentlar 56,7 ball ham to‘play olmagan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 15,2 foizga ortiqroq.

«Albatta, bunda majburiy blokdagi oson savollarga beriladigan ballar miqdori kamaytirilib, mutaxassislik faniga katta urg‘u berilgani ham sabab bo‘ldi», – deb yozadi Xudoyberdiyev.

2022-yilda eng yomon ko‘rsatkich Toshkent viloyatida (55,9 foiz), nisbatan yaxshiroq natija esa Toshkent shahrida (45,2 foiz) qayd etilgan (jadvalga qarang). E’tiborlisi har ikki hudud ham o‘tgan yilgi o‘rinlarini o‘zgartira olmagan.

10 ta hududda abituriyentlarning 50 foizdan ko‘prog‘i 56,7 balldan past ball olishgan. Faqat 4ta hudud – Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bu ko‘rsatkich 50 foizdan kamroqni tashkil qilgan.

«56,7 ball — bu to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 balning 30 foizi degani. Ya’ni abituriyent hech bo‘lmasa 30 foiz bilimga ega bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichni to‘play oladi. 30 foiz bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas, 1 baho desak to‘g‘ri bo‘lar, balki.

Ya’ni 2 bahoga o‘qiganlar ham taxminan 35-55 foiz natija ko‘rsata olishi kerak (66 balldan yuqori).

Tasavvur qilyapsizmi, yaqin o‘rtada maktablarimizni tugatgan abituriyentlarning 51,2 foizi, aniqrog‘i 550 ming yoshlar (balki orasida kam sonli yoshi kattalar ham bordir) test topshirilgan fanlarni 2 bahoga ham bilishmaydi», – deya o‘z xavotirlarini bildirmoqda Xushnudbek Xudoyberdiyev.


Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring