Tez tibbiy yordam mashinalari alohida imtiyozga ega — IIV va SSV qo‘shma bayonoti

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shma bayonot berdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam avtomobillariga tezlikni o‘lchovchi maxsus avtomatlashtirilgan, onlayn rejimda ishlovchi kameralar orqali qayd etilib, jarima belgilanayotganligi va ular bekor qilinmayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17 prim 1-moddasi beshinchi xatboshisiga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi. So‘ng mazkur ma’muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.
Mazkur hujjatning 271-moddasi birinchi xatboshisining to‘rtinchi kichik bandiga ko‘ra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan.
Ma’lumot uchun: tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, harakatlanish xavfsizligini ta’minlash sharti bilan yo‘l harakati qoidalarining (7-bob, 9-16, 19-20 va 22-boblari, 1 va 2-ilovalari) talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega bo‘lishi uchun maxsus xizmatlarning transport vositalarida ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishora yoqilgan bo‘lishi shart. Ular o‘zlariga yo‘l berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 128 prim 5 — moddasi birinchi qismiga ko‘ra, maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan xalaqit berish — BHMning besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
2022-yilning 1-noyabr kuni IIV Yo‘l harakati xavfsizligi, Respublika Tez tibbiy yordam xizmati markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi avtotransport bo‘limi mas’ul rahbarlari ishtirokida tez tibbiy yordam avtomobillarining maxsus foto-video fiksatsiya moslamalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha kelib chiqayotgan muammolar to‘liq bartaraf etilib, ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter