Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tillani yaxshi ko‘rmaydigan ayol...

Tillani yaxshi ko‘rmaydigan ayol...

foto: fons.pibig.info

 

– Tillani yaxshi ko‘rmaydigan ayol ayol emas!

Kumushdan boshqa taqinchoqlarim yo‘qligini bilgan ayol, o‘z iddaosini o‘rinli hisobladi.

Bahslashib o‘tirmadim. Turkiyaga kelganiga besh yildan oshgan Dilobar (ismi o‘zgartirilgan) shu kunlarda kasal bo‘lib yotib qoldi. Aytishicha, istanbullik yangi oilasidagi Xonim (uy soxibasi) tozalik «jinnisi» ekan va uch qavatli uyidagi 10 ta xonani changyutgichda emas, qo‘li bilan artib-tozalashga majbur qilar ekan. Dilobar har kuni 3-4 soat pol artganidan so‘ng ovqat pishirish, kir yuvish, dazmol ishlari bilan ham mashg‘ul bo‘lishi kerak. To‘ladan kelgan, ammo g‘ayratli 38 yoshlardagi bu ayol «shu paytgacha bunday zolim Xonimi bo‘lmagani»ni aytadi.

 – Yotib (kasal bo‘lib) qolganimdan so‘ng, ketishimga ruxsat berdi. Puliga qiziqib borgandim unikiga, – deydi.

Birovning uyida xizmat qilish qanday bo‘lishi haqida so‘radim.

 – Kelishuvdan so‘ng xonadonga borasiz va eshiklar yopiladi siz uchun. Bundan so‘ng bir xonadonning istaklarini bajaruvchi xizmatkorga aylanasiz. E’tiroz qilolmaysiz. Ular xohlagan ishni bajarasiz. Ba’zan kechalari ham chaqirib qolishadi, «choy yoki biror ichimlik olib kel», deb. Shuning uchun har bir qiladigan ishingiz haqida avvaldan kelishib olish kerak. Ayni shu nuqtada, ya’ni kelishuvga qadar siz va sizni xizmatkorlikka olayotgan oila boshlig‘i bilan ikki madaniy inson kabi gaplashasiz. Kelishuv bitgandan so‘ngra, biringiz Xonim (Bey)ga, ikkinchingiz uning xizmatkoriga aylanasiz.

Bunday qarash barcha turk oilalarida bormi, deya so‘radim.

 – Yo‘q, yaxshi, insofli oilalar ham bor. Masalan, men ishlagan avvalgi oilalardan ikkitasi yaxshi edi. Bittasi unga keltirilgan, ammo o‘ziga yoqmagan sovg‘a-salomlarni menga berardi, eh-he, O‘zbekistonga shunaqa ajoyib narsalar yuborganman! Ikkinchi oiladagi ayol o‘qituvchi edi va men ularning dasturxonida  birga ovqatlanardim. Xonimning farzandlari meni yaxshi ko‘rar, ayol ham meni o‘rtog‘i kabi ko‘rardi. So‘ngroq maoshimni to‘lashga qurbi yetmay qoldi va men u yerdan ketdim...

Dilobarning bu yerda turk eri bor. Ya’ni erkakning oilasi bo‘lgani uchun ular shar’iy nikohda. Dam olish kunlari ular ijara uyda uchrashishadi.

– Bir haftalik og‘ir mehnatdan so‘ng, odam kimgadir kerak ekanligini his qilgisi keladi. Biz ham odammiz, axir. Uyga, bolalarga ishlagan bor pulni jo‘natayapmiz, erim ham yordam beradi – pulimga bir oz bo‘lsa-da qo‘shimcha qiladi. Bu yerda yashash uchun, extiyojlar uchun ham pul kerak-ku? Uydagilar biror marta «to‘xta-chi, bizga pul yuboryapsan, lekin o‘zingga qoldimi? Tirikchiligingga yetarli puling bormi? O‘zing nima qilyapsan, qiynalmayapsanmi?», deb hech qachon so‘rashmaydi. Boy-badavlat oilada yashayapti, hamma narsasi yetarli deb o‘ylashadi. Ammo bir oilada XIZMATKOR bo‘lish qanchalar qiyin ekanligi, ba’zan g‘ururingni oyoqosti qilishing kerakligi va haftada bir bo‘lsa-da bu stresni yengishga ehtiyoj tug‘ilishi haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

Dilobar O‘zbekistonda uzoq yil hamshira bo‘lib ishlagan. Men undan o‘z kasbi bo‘yicha ish topishga harakat qilib ko‘rgan-ko‘rmagani haqida so‘radim.

 – Kelgan paytim o‘yladim bu haqda. Ammo uzoq vaqt talab etadi bu jarayon deb voz kechdim. Xizmatkorlik ishi oson: ish ko‘p va boshqotirmaysiz, oyligi ham tuzuk: 500-1000 dollar atrofida. Albatta, qiladigan ishingiz hajmi va oilaga bog‘liq.

Men undan «qanday ayollar bu ishda ishlolmaydi?» deb so‘radim. Zero, bu eng muhim savol edi.

 – G‘urur yopgan (g‘ururini har narsadan ustun qo‘ygan demoqchi menimcha), dangasa, o‘zini osmonda deb bilgan ayollar. Ha, yana tillani sevmagan ayollar.

Dilobar – yaxshi ayol. Odamoxun, quvnoq, mehribon. Ammo har narsani pul bilan o‘lchaydi. Balki bu ayni jamiyat uchun o‘rinlidir va balki men zamondan ortda qolib ketdim. Zero, buni Dilobar ham ta’kidladi. «Opa, siz zamondan cho‘o‘o‘o‘o‘q qolib ketibsiz» deb. O‘zbekistondan bu yerga yaxshi niyat, pul topib oilasini boqish, ham ish, ham sayohat uchun kelayotganlar ko‘p. Shuningdek, Dilobar aytganidek, «tillolar, puldor erkaklar» uchun kelayotganlar ham, afsuski, yo‘q emas. Menimcha, Turkiyada o‘zbek xizmatkor ayollarning ko‘payishiga mamlakati qadrlamagan, eri, oilasi tomonidan kamsitilgan, xaqorat qilingan ayollarimizni yashab turgan davlati o‘z himoyasiga ololmayotgani, bu borada qilinayotgan ishlar hajmi kamligi, guldek ayollarimizni ba’zi bir zolim erlarning o‘tkir panjalari ixtiyoriga tashlab qo‘ygani sababdir.

Bu yerda ish yuzasidan ora-sira Turkiyaning davlat idoralariga borib turaman. Boshlanishiga hurmat bilan gaplashib turgan xodim yoki rahbar «O‘zbekistondanman» deyishim bilan ularning ko‘zlaridagi ifoda birrovga o‘zgarib-qaytadi, ya’ni keyin o‘zini o‘nglab oladi – davlat idorasidagi ishi xayoliga keladi, menimcha.

Dilobarning «tillani sevmagan ayol ayol emas» degan xulosasiga esa o‘z javobimni berdim. Nariroqda bizni kuzatib yotgan hayvonlar – mushuk va itlarning oldiga borib ularni mehmon qildim: «Men hayvonlarni yaxshi ko‘raman».

                                                                                                   Sabohat Rahmon, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring