«Tolibon» vakillari O‘zbekiston yordamini olqishlashdi

Bugun, 30-aprel kuni umumiy og‘irligi 4000 tonnadan ziyod bo‘lgan insonparvarlik yordami Afg‘onistonga muqaddas Iyd al-Fitr bayrami arafasida yuborilgani haqida xabar berilgandi.
Uni topshirishga bag‘ishlangan marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid butun afg‘on xalqi nomidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hozirgi og‘ir va sinovli davrda afg‘on eliga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
– Bu muhtaram O‘zbekiston prezidentining bugun o‘z kelajagini haqiqatda yangidan bunyod etayotgan afg‘on xalqiga nisbatan siyosatining do‘stona va chinakam birodarlik mohiyatini namoyon etadi, – degen Zabihulla Mujohid.
Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza mazkur insonparvarlik yordami o‘z vaqtida va beqiyos ahamiyatga ega ekanligini, mamlakat aholisi bu ko‘makka alohida ehtiyoj sezganligini bildirib o‘tgan.
– O‘zbekiston prezidentining ushbu ko‘magi, tom ma’noda, minglab yurtdoshlarimiz hayotini saqlab qolishga, ularda ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qiladi. Menimcha, hech bir xorijiy davlat rahbari Afg‘oniston uchun hurmatli Shavkat Mirziyoyevdan ko‘ra ko‘proq ish qilmayapti. O‘z navbatida, biz o‘zbek-afg‘on chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilamiz», — deya fikriga xulosa yasadi Balx viloyati gubernatori.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter