«Tolibon» yuk tashish uchun yetarlicha xavfsizlikni ta’minlab bermoqda – Irgashev

Kecha, 16-noyabr kuni Moskvada Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘tgan yilgidan farqli o‘laroq, bu uchrashuv Moskva va «Tolibon» yuqori rasmiylari ishtirokisiz o‘tgan.
Joriy yilda uchrashuv davlatlarning Afg‘oniston, xususan, Rossiya, Xitoy, Pokiston, Eron, Hindiston, Turkiya, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston bo‘yicha maxsus vakillari darajasida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘onistonni qayta izolyasiya qilish, uni mavjud muammolar bilan yolg‘iz qoldirish, albatta, butun mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik tizimi uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.
– Biz uning yakkalanib qolishiga va 2000-yillardagi kabi holatning takrorlanishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Jahon hamjamiyatidagi boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, mintaqa afg‘on muammolaridan xalos bo‘la olmaydi, – deydi Ismatulla Irgashev.
U, shuningdek, O‘zbekiston uzoq vaqtdan beri Afg‘onistonning barcha ichki siyosiy kuchlari, shuningdek, Tolibon harakati bilan teng huquqli munosabatlar o‘rnatib kelayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» yuk tashish uchun yetarlicha xavfsizlikni ta’minlab bermoqda.
– Eng muhimi, amaldagi hokimiyat xalqaro hamjamiyat talablariga rioya qilishi kerak, – deydi Irgashev. – Bu hozirgi vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li. Shu bilan birga, Toshkent Afg‘onistonning boshqa qo‘shnilaridan mintaqa transport tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq “taxminan 5-6 milliard dollarlik moliyalashtirishga ega mega loyiha”ni amalga oshirayotgani bilan ajralib turadi. Gap Afg‘onistonning Mozori Sharif va Kobul shaharlari orqali O‘zbekistonning Termizidan Pokistonning Peshovariga olib boriladigan temir yo‘l haqida ketmoqda. Ushbu yo‘l qurilishi taxminan 3-5 yil davom etadi.
Irgashev, shuningdek, iqtisodiy manfaat Afg‘onistondagi hozirgi hukumatning ichki siyosatiga bo‘lgan yondashuvlarini o‘zgartirishini taxmin qiladi. Mamlakat esa Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘ziga xos quruqlik ko‘prigiga aylanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter