To‘qimachilik sohasida eksportni rivojlantirishga doir videoselektor yig‘ilishi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Unda mamlakat iqtisodiyotining 3 foizini, sanoatning 14 foizini yaratayotgan to‘qimachilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda tarmoqda 3,5 milliard dollarlik 396 ta yirik korxona ishga tushdi, ishlab chiqarish 10 milliard dollarga yetdi. Sohada 500 mingdan ortiq odam band. Bu sanoatda band jami aholining 20 foiziga teng.
Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari sekinlashishi kuzatilmoqda, bu esa xalqaro vaziyatni inobatga olgan holda ishlab chiqarish, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Jahonda paxta kotirovkalari 2022 yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirib chiqarmoqda. So‘nggi uch yilda narx tonnasiga 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushdi.
Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish uchun 2022-2023 yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya berildi.
Davlat rahbari tomonidan jahon bozorida narxning keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter