Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent harbiy okrugidagi harbiy trevoga nihoyasiga yetdi

Toshkent harbiy okrugidagi harbiy trevoga nihoyasiga yetdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

11-iyun kuni tongda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi tomonidan Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan edi. O‘quvlarda Mudofaa vazirligining mazkur okrugidagi barcha harbiy qism va muassasalari bilan birga Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiyaning Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi hududiy boshqarma va bo‘linmalarining ishtiroki ham ta’minlandi.

Mashg‘ulot rejasiga ko‘ra, yig‘in signali berilgach tezkor ravishda okrug hududida joylashgan barcha harbiy qismlar, muassasalar jangovar shay holatiga keltirildi. Yuqori qo‘mondonlik va bo‘linmalar o‘rtasida videokonferensiya aloqa yordamida muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda mavjud holat bo‘yicha ma’lumot berilib, komandirlarga tegishli ko‘rsatma va vazifalar qo‘yildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Taktik harakatlarda qo‘shinlar turli yo‘nalishlarga tashlandi. Maxsus bo‘linmalar Mudofaa vazirligi Harbiy havo kuchlariga qarashli vertolyot aviatsiyasi yordamida belgilangan joylarga desantlashtirildi. Qolgan bo‘linmalar esa avtomobillar va harbiy texnikalarda kalonna tartibida uzoq masofalarga marsh uyushtirdi.

Rejaviy mashg‘ulotlarga ko‘ra, taktik o‘quvlar bo‘yicha asosiy jarayonlar Mudofa vazirligining «Chirchiq» va «Angren» dala-o‘quv maydonlarida tashkil etildi. Shartli dushman yorib kirmoqchi bo‘lgan tog‘li hududdagi murakkab sharoitdan kelib chiqqan holda oldindan taxmin qilingan har qanday xavf-xatarlarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Chegarani buzib kirgan shartli noqonuniy qurollangan jangarilarga dastlab Qurolli Kuchlar tuzilmalaridan tarkib topgan bo‘linmalar tomonidan hamkorlikda zarba berildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Olib borilgan keng ko‘lamli taktik o‘quvlar mobaynida bir qator nazorat sinovlari ham o‘tkazildi. Komandirlarning boshqaruv salohiyatiga baho berildi. Harbiy xizmatchilar guruh qurollaridan otish normativlarini topshirishdi.

Turli masofalardan tog‘li hududda jangovar texnikalarda amalga oshirilgan otish mashg‘ulotlari yurt posbonlari uchun yana bir mahorat sinovi bo‘ldi.

5 kun mobaynida bo‘lib o‘tgan taktik mashg‘ulot turli xavf-xatarlar, favqulodda vaziyatlarda Qurolli Kuchlar tuzilmalarining hamkorlikda va jipslikda harkatlanishi, komandirlarda boshqaruvchanlik ko‘nikmalarini mustahkamlaganligi hamda qo‘shinlar jangovar shayligini oshirish imkoniyatini berganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring