«Alatau doim qalbimizda yashaydi» – Toshkent hayvonot bog‘ida 9 yoshli jirafa o‘lib qoldi
Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati 2016-yildan buyon tashrif buyuruvchilarning mehrini qozonib kelayotgan «Alatau» laqabli jirafa o‘lganini ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, so‘nggi hafta davomida Alatauning ishtahasi pasayib borgan va tez sur’atda vazn yo‘qotishni boshlagan. Hayvonot bog‘i veterinariya mutaxassislari jirafaning ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilash uchun simptomatik davolashni olib borgan, biroq ichak parazitlari mavjudligini tekshirish bo‘yicha o‘tkazilgan koprologik ko‘rik salbiy natija bergan.
Veterinar va kiperlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan jirafa 2022-yil 20-avgust kuni tunda o‘lib qolgan.
Ayni damda Davlat Veterinariya bo‘limi vakillari ishtirokida jonivorni yorib ko‘rish jarayoni o‘tkazilmoqda. Barcha zarur patologoanatomik materiallar Hayvonlar kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha davlat veterinariya markazi laboratoriyasiga yuboriladi.
«Barcha laboratoriya tahlillari natijalari olingandan keyin yakuniy tashxis qo‘yiladi va jonivor nega vafot etgani sababi aniqlanadi», – deb izoh berdi Yunusobod tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘I Shavkat Gabdulxakov.
Alatau 2016-yilda 3 yoshligida Olmaota hayvonot bog‘idan Toshkentga olib kelingan edi.
«Alatau doim qalbimizda yashaydi», – deyiladi Hayvonot bog‘i ma’muryati xabarida.
Xabar.uz tahririyati Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyatiga hamdardlik bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter