Toshkent va Kuala-Lumpur: masofa yanada yaqinlashmoqda
15-dekabr kuni «Batik Air» aviakompaniyasiga qarashli havo kemasi Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozni amalga oshirdi. Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngan uchoqni «Uzbekistan Airports» va turizm idorasi mas’ullari, Malayziyaning yurtimizdagi elchisi Ilhom Tuah Ilyos, jurnalistlar va aviaspotterlar qarshi oldi.
«Uzbekistan Airports» ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hamda Malayziya poytaxtlarini bog‘lovchi muntazam parvozlar haftasiga bir marta juma kunlari Boeing 737 va Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi. Kelajakda aviatashuvlar sonini oshirish hamda mintaqadagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilgan.
«Batik Air» kompaniyasini Toshkentga ilk parvoz bilan qutlaymiz. Yangi qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga, shuningdek, turizm va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi», – deyiladi Malayziya elchixonasi xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, «Batik Air» Indoneziyaning «Lion Air» loukoster aviakompaniyasining sho‘’ba korxonasi hisoblanadi.
Keyingi paytlarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish kun tartibidagi muhim masalaga aylandi. Avval xabar berganimizdek, 2022 yil Qurbon hayiti kunlari Malayziyadan O‘zbekistonga ziyoratchi sayyohlar uchun ilk charter reys tashkil etilgandi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ushbu reys bilan kelgan malayziyalik ziyoratchilar guruhi bilan Samarqandda uchrashgandi.
Malayziya o‘zbekistonliklarga birinchilardan bo‘lib viza tartibini bekor qilgan. Kuala-Lumpur turizmni Toshkent bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri deb biladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter