Toshkentda aholi xonadonlariga «aqlli» suv hisoblagichlar o‘rnatish boshlandi

Prezidentning 2022 yil 18 noyabrdagi PQ-428-son qaroriga muvofiq, «O‘zsuvta’minot» AJ «SUEZ International SAS» (Fransiya) kompaniyasi bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ayni kunlarda mazkur hamkorlik doirasida Toshkent shahrida aholi xonadonlariga ichimlik suvi smart-hisoblagichlari o‘rnatilmoqda. Ishlar dastlab Shayxontohur tumanida boshlangan, uchinchi chorakda Yangihayot tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda kelgusi besh yilda 670 mingdan ortiq hisoblagichlar bepul o‘rnatib beriladi.
Ma’lumot uchun, PQ-428-son qarorga ko‘ra, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Toshkent shahri hokimligi, «Toshkent shahar suv ta’minoti» MChJ va «SUEZ International SAS» (Fransiya) kompaniyasi o‘rtasida «Toshkent shahri ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish» loyihasi bo‘yicha 7 yil davomida amal qiladigan birgalikda boshqarish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan.
Loyihaning umumiy qiymati — 218,8 mln yevro bo‘lib, 154,5 mln yevro Yevropa banklarining kredit mablag‘lari, 64,3 mln yevro esa O‘zbekiston Respublikasining ulushi hisobalanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter