Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda bolalar orasida kasallik ko‘paygani haqidagi xabarga munosabat bildirildi

Toshkentda bolalar orasida kasallik ko‘paygani haqidagi xabarga munosabat bildirildi

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda yosh bolalar orasida tana harorati ko‘tarilib, tomoq og‘rig‘i ko‘paygani, oqibatda shifoxonaga murojaat ortgani haqida videolavha tarqaldi. Toshkent shahri Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi bu kabi xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda kasalxonaga daqiqasiga tez yordam orqali bemorlar olib kelinayotgani, bolalarda tomoq og‘rig‘i va isitma kuzatilayotgani aytilgan. Aniqlanishicha, isitma va tomoq og‘rig‘i bo‘yicha murojaatlar soni ortgani haqida tarqalgan video Toshkent shahridagi 1-son bolalar klinik shifoxonasi bilan bog‘liq.

Shifoxona 425 o‘ringa mo‘ljallangan. Unga bir sutkada o‘rtacha 300−350 nafar bemor murojaat qiladi. Ulardan 55−65 nafari statsionar yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yotqiziladi. Qolganlarga esa birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, yashash hududi bo‘yicha oilaviy shifokor nazoratiga yuboriladi.

Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi markazga tana harorati ko‘tarilishidan tashqari, boshqa kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar ham birdek murojaat qilayotganini ma’lum qildi.

«Bugungi kunda ushbu tibbiyot muassasasi qabulxonasiga faqatgina tana harorati ko‘tarilishi yoki tomoq og‘rig‘i bilan emas, balki allergik toshmalar, ich ketishi, ko‘z va qorin og‘rig‘i, chaqaloqlarning qulog‘i og‘rishi, bezovtalik, appenditsit, disk churrasi kabi tashxislar bilan ham murojaat bo‘lmoqda», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, oilaviy poliklinikalar asosan kun davomida ishlagani sababli tungi payt bemor bolalarga tibbiy yordam olish uchun odatda bolalar shifoxonasiga murojat qilinadi. Oqibatda kechki vaqtda bemorlar soni birmuncha ortadi.

Bundan tashqari, poytaxtdagi respublika davolash muassasalaridan tashqari, bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi 5 ta klinik va 5 ta yuqumli kasalliklar shifoxonasi tunu kun ishlamoqda.

«Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda bolalar shifoxonasiga isitma va tomoq og‘rig‘i bo‘yicha murojaatlar soni ortgani haqidagi xabarlar asossiz ekani ma’lum qilinadi», — deya izoh berdi boshqarmasi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring