Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda kimo‘zarga quvishgan ikki avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi

Toshkentda kimo‘zarga quvishgan ikki avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahrida 4-dekabr kuni 72 va 148-sonli avtobus yo‘nalishi haydovchilari kimo‘zarga harakatlanishi natijasida ikki avtobus yakunda bir-biri bilan to‘qnashdi. Hodisa o‘rganilgach, mazkur avtobuslar haydovchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati xabar berdi.

Kompaniya tomonidan ma’lum qilinishicha, 4-dekabr kuni soat 07:40 da «2-avtobus saroyi» MChJ haydovchisi F.Mirsaidov 72-sonli yo‘nalishda Mercedes-Benz avtobusini, «5-avtobus saroyi» MChJ haydovchisi D.Do‘smatov 148-yo‘nalishda Isuzu avtobusini Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotib, yo‘lovchilar va boshqa harakat ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda kimo‘zarga harakat qilgan va «Ashxobod sayilgohi» bekatida to‘qnashuv sodir etgan.

«O‘z navbatida, mazkur haydovchilar yo‘lovchilar va boshqa harakat ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda harakatlanib, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yishi oqibatida YTH sodir bo‘lganligi uchun ular bilan avtosaroy o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Yaxshiyamki, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.

Mazkur hodisa yuzasidan qoidabuzar haydovchilarga nisbatan Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektori tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 134-moddasiga (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring