Toshkentda uy mojarosi: IIBB bir shaxs qamoqqa olinganini ochiqladi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha fuqarolar ko‘p qavatli uy quruvchilari tomonidan firibgarlikka uchragani va bundan noroziligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB ma’lumot berdi.
Aytilishicha, fuqaro T.Nodir va boshqalar 2021 yilning 11 avgust kuni “Strong cities” MChJni tashkil etib, tegishli me’yoriy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan va hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan, bir nechta fuqarolarning ishonchiga kirgan. Ular Olmazor tumani, Usta Olim ko‘chasidagi yer maydonida ko‘p qavatli uyni qurishni va ushbu uydagi xonadonlarni sotishni va’da qilishgan.
Shuningdek, qonunchilikda belgilangan talablarga zid ravishda xizmat ko‘rsatuvchi bankda alohida hisob-varaq ochmasdan, 2023-2024 yillar davomida shartnomalar tuzib, fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi ("Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda sodir etilishi") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida fuqaro T.N. ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter