Kim nima dardda? Toshkentdagi archa bayramida marixuana «savdogarlari» ushlandi
2017-yilning 31-dekabr kuni soat 19:00da Toshkent shahar Shayhontohur tumani, Labzak mavzesida joylashgan «Anhor-Lokomotiv» istirohat bog‘ida o‘tkazilayotgan archa tadbiri davomida muqaddam sudlanmagan, bosh hisobchi lavozimida ishlab kelayotgan A.A.ning yonidagi narsalari ko‘zdan kechirilganda, qo‘lidagi ro‘molchasining ichidan 200 so‘mlik kupyuraga o‘ralgan yashil rangli, o‘tkar hidli, o‘simliksimon modda borligi aniqlandi.
Toshkent shahar IIBB EKMning xulosasiga ko‘ra, fuqaro A.A.dan olingan giyohvand modda tetragidrokannabbinol bo‘lib, bu modda marixuana deb nomlanishi, uning quritilgan holatdagi og‘irligi 1,84 grammga tengligi aniqlangan.
Shuningdek, 28-dekabr kuni ham mazkur archa tadbiri davomida 1990 yilda tavallud topgan, muqaddam sudlanmagan J.U. to‘xtatilib tekshirilganda, o‘zini shubhali tutib, kirish eshigidan orqa tarafga qaytib chiqadi va ariq ichiga gugurt qutisini otib yuboradi.
Shu vaqtda TIIB xodimlari xolislar ishtirokida gugurt qutisini olib, ko‘zdan kechirishadi va uning ichida yashil rangli, o‘tkir hidli, o‘simliksimon modda borligini aniqlab, bayonnoma tuzishadi, ashyoviy dalil sifatida hujjatlarni rasmiylashtirishadi.
Toshkent shahar IIBB EKMning xulosasiga ko‘ra, fuqaro J.U. tomonidan ariq ichiga uloqtirib yuborilgan modda tarkibida giyohvand modda tetragidrokannabbinol bo‘lib, bu modda marixuana deb nomlanishi, uning quritilgan holatdagi og‘irligi 1,77 grammga tengligi aniqlangan.
Ushbu holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-modda 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter