Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolanganini e’lon qildi

Tramp Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolanganini e’lon qildi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSh vositachiligida harbiy qarama-qarshilikdan voz kechish haqidagi deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda 8 avgust kuni Oq uyda Aliyev va Pashinyan bilan muzokara o‘tkazgan AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.

«Biz nihoyat tinchlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. Armaniston va Ozarbayjon barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish, savdo, sayohat va diplomatik munosabatlarni tiklash, bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini oladi», - dedi AQSh prezidenti.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington ikki davlat bilan energetika, savdo va texnologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolamoqda.

«Shuningdek, Ozarbayjon va AQSh o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikka qo‘yilgan cheklovlarni ham olib tashlaymiz», – dedi Tramp.

Aliyevning ta’kidlashicha, Boku va Yerevan «qarama-qarshilik va qon to‘kilish sahifasini yopib, farzandlari uchun yorug‘ va xavfsiz kelajakni ta’minlamoqda».

«Bugungi deklaratsiya... biz Janubiy Kavkazda tinchlik, farovonlik, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning yangi sahifasini ochayotganimizga ishonch bag‘ishlaydi», — dedi Pashinyan.

Deklaratsiyada, xususan, Armaniston hududi orqali Ozarbayjon hududi va uning eksklavi Naxchivan Muxtor Respublikasi o‘rtasida transport yo‘lagi yaratish haqida so‘z boradi. U «Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp marshruti» deb nomlangan. AQSh prezidentining aytishicha, bu qaror Ozarbayjonga «Armaniston suverenitetini to‘liq hurmat qilgan holda» Naxchivanga kirish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan ushbu yo‘lni rivojlantirish bo‘yicha Vashington bilan 99 yilgacha uzaytirilishi mumkin bo‘lgan hamkorlikka kirishmoqda.

Shuningdek, 2020 yil noyabrida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da arman kuchlarini mag‘lub etganidan so‘ng, Pashinyan va Aliyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Vashingtonda imzolangan deklaratsiyada esa tomonlar Qorabog‘ mojarosini hal qilishda ishtirok etishi kerak bo‘lgan Minsk guruhini tarqatib yuborishni so‘ragan. Guruhga Rossiya, Fransiya va AQSh hamraislik qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring