Tramp JARni oq tanli fermerlarga qarshi genotsidda aybladi

Chorshanba kuni Oq uyning Oval kabinetida AQSh prezidenti Donald Tramp va uning janubiy afrikalik hamkasbi Siril Ramafosa o‘rtasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda do‘stona boshlangan suhbat JARdagi oq tanli yer egalarining ahvoli haqidagi qizg‘in muhokamaga aylanib ketdi. Tramp Janubiy Afrikani «oq tanli dehqonlarga qarshi genotsid»da ayblab, buni tasdiqlagan fotosuratlar va videolarni ko‘rsatgan.
«Odamlar o‘z hayotlaridan qo‘rqib Janubiy Afrikadan qochmoqda. Ularning yerlari tortib olinyapti, ko‘p hollarda o‘ldirilmoqda», - deydi Tramp.
Janubiy Afrika hukumati bu da’volarni qayta-qayta rad etib, mamlakatdagi jinoyatchilikning yuqori darajasi butun aholiga ta’sir qilishini va qurbonlarning katta qismi Tramp ta’kidlaganidek oq tanlilar emas, qora tanlilar ekanligini ta’kidladi.
Ramafosa, shuningdek, uchrashuv chog‘ida kinoya bilan taranglikni yumshatishga harakat qilgan. U AQSh prezidentiga 400 million dollarlik samolyot sovg‘a qilgan Qatarni nazarda tutib, «sizga beradigan samolyotim yo‘qligidan afsusdaman», dedi.
«Mamlakatingiz Qo‘shma Shtatlarga samolyot taklif qilsa, men uni olaman», – deb javob berdi Tramp Qatar harakatining qonuniyligi bo‘yicha davom etayotgan bahslarga ishora qilib.
Euronews’ning yozishicha, uchrashuv Janubiy Afrikada irqchilik tizimining iqtisodiy merosini hal qilish maqsadida ayrim hollarda kompensatsiyasiz yerlarni davlat ixtiyoriga tortib olishga ruxsat beruvchi munozarali qonunni qabul qilganidan keyin Vashington va Pretoriya o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi.
Tramp bu siyosatni keskin tanqid qilib, uni «oq tanlilarga qarshi diskriminatsiya» shakli deb atagan. U Janubiy Afrikadagi oq tanlilar, ayniqsa, fermerlar zo‘ravonlik va izolyasiyaga uchraganini bir necha bor ta’kidlagan.
Fevral oyida Tramp AQShning OIV/OITSga qarshi kurashda foydalaniladigan Janubiy Afrikaga yordami to‘xtatilishini e’lon qilib, Pretoriya hukumati «yerlarni musodara qilayotgani»ga to‘xtalgan va joriy siyosat davom etsa, noyabr oyida Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitini boykot qilish bilan tahdid qilgan.
O‘z navbatida, Janubiy Afrika rasmiylari Tramp ma’muriyatini mamlakatdagi oq tanli ozchilikning hikoyasidan Pretoriyaning Xalqaro Jinoyat sudidagi Isroilning G‘azo sektoridagi huquqbuzarliklariga doir pozitsiyasini buzish uchun foydalanganlikda ayblagan.
Kuzatuvchilar fikricha, Tramp bu masalani ko‘tarish bilan, ayniqsa, xorijdagi oq tanli ozchiliklar huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zining konservativ bazasiga tayanadi va undan Janubiy Afrika hukumatiga siyosiy va iqtisodiy bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter