Tramp Kanada va Meksikaga «urush ochdi»

AQSh bugun, 1-fevraldan Kanada va Meksikadan kelayotgan tovarlarga boj to‘lovini 25 foizga oshirmoqda, deb xabar berdi AP agentligi.
Prezident Donald Tramp bu qarorini qo‘shni davlatlar bilan savdo defitsitini qisqartirish va noqonuniy migratsiya hamda narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash maqsadlari bilan asoslagan.
Yangi tartib doirasida, shuningdek, Xitoydan keltiriladigan mahsulotlarga boj to‘lovi 10 foizga oshiriladi.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Tramp tariflarni oshirsa, javob choralari ko‘rilishini ma’lum qilgan.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Tramp jamoasi bilan muzokara olib borilganini qayd etib, zaxira rejalar mavjudligi, Meksika xalqi o‘z qadr-qimmati poymol etilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan.
Tahlilchilar boj-xiroj oshishi nafaqat Kanada va Meksika, AQSh uchun ham iqtisodiy, siyosiy qaltislik tug‘dirishini aytmoqda. Xususan, bu holat AQSh energetika, avtomobil, o‘rmon va qishloq xo‘jaligi sektorlarida narx oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Demokratik partiya vakili, senator Chak Shumer ham Trampni Xitoy kabi raqiblar bilan kurashish o‘rniga Kanada, Meksika singari ittifoqchilarga hamla qilayotgani sabab tanqid qilgan.
AQSh Kanadadan kuniga 4,6 mln barrel, Meksikadan esa 563 ming barrel neft sotib oladi. Agar boj oshishi neftga ham tatbiq etilsa, u holda Qo‘shma Shtatlar fuqarolari narx oshishini o‘z tanasida yaxshigina his qiladi.
Shu kabi omillarga ko‘ra The Wall Street Journal nashri Tramp tomonidan Kanada va Meksikaga boj miqdori oshirilishini «Tarixdagi eng ahmoqona savdo urushi» deb atadi.
AQShda ilmiy faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbekistonlik iqtisodchi olim Botir Qobilov ham Tramp ma’muriyatining bu qarorini «amerikalik iste’molchilarni jazolash» deb baholadi.
«Tramp do‘stona mamlakatlarni fiktiv sabablarni deb qo‘rqitish va ularni nimadir qilishga majbur qilish uchun amerikalik iste’molchilarni jazolayapti. Pomidor, avokado, konditsioner, yuk mashinalari, neft, avtomobil qismlari, o‘yinchoqlar va hokazo minglab tovarlarning katta qismi aynan shu mamlakatlardan keladi. Bugun uning yuziga qarab, menimcha, birinchi marta «Janob, tariflarni biz AQShlik iste’molchilar to‘laymiz-ku, bu esa siz va’da qilgan iste’mol xarajatlarni tushirish emas, aksincha oshiradi-ku» deb so‘rashibdi... Xullas, aql bovar qilmaydigan darajada ahmoqlik. Bu esa prezidentlikning bor yo‘g‘i 11-kuni», — deb yozdi bir muddat avval Harvard universitetida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Botir Qobilov.
Ayni chog‘da ekspert prezident Trampning Meksika va Kanadaga doir yangi farmoni sudda bekor qilinishini ham istisno etmagan.
Tramp Kanada va Meksika bilan diplomatik jabhada ham o‘ziga xos urush olib bormoqda. U hozirga qadar bir necha marta Kanadaga Amerikaning 51-shtati bo‘lishni ochiq taklif etdi, ushbu davlat bosh vaziri Jastin Tryudoni hatto «gubernator» deb tahqirladi.
Tramp Meksika ko‘rfazini «Amerika ko‘rfazi» deb o‘zgartirdi.
Oq uyning yangi ma’muriyati o‘tgan hafta «noqonuniy immigratsiyani nazorat qilish uchun» Meksika chegarasiga minglab askar yuborilishini ma’lum qildi. Tramp prezident sifatida ilk farmonlaridan biri orqali Meksika bilan chegarada favqulodda holat e’lon qildi, ushbu davlat bilan chegara devori qurilishini qaytadan boshlashni buyurdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter