Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp uch davlatni AQShga qarshi fitnada aybladi

Tramp uch davlatni AQShga qarshi fitnada aybladi

AQSh prezidenti Donald Tramp bugun Xitoyda yigirmadan ziyod davlat rahbari ishtirokida o‘tayotgan harbiy paradga munosabat bildirarkan, Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya rahbarlarini Qo‘shma Shtatlarga qarshi fitna hozirlashda aybladi.

«Kun tartibidagi asosiy savol shundan iborat: Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoyni do‘st bo‘lmagan ajnabiy bosqinchidan himoya qilish, ERKINLIKni qo‘lga kiritishda ulkan ko‘mak ko‘rsatgani, ko‘p qon to‘kkanini esga olarmikan? Xitoyning g‘alaba va shon-shuhratga erishish yo‘lida ko‘plab amerikaliklar halok bo‘ldi. Umid qilamanki, ularning jasorati va jonfidoligi munosib tarzda xotirlanadi va e’zozlanadi», — deb yozdi Tramp «Truth Social» platformasidagi rasmiy sahifasida.

Xitoy rahbari va xalqiga bayramni a’lo tarzda o‘tkazishni tilagan AQSh prezidenti, ayni choqda, uch davlat Vashingtonga qarshi birlashayotganiga e’tibor qaratgan.

«Iltimos, birgalikda AQShga qarshi fitna to‘rini to‘qiyotganingizda Vladimir Putin va Kim Chen Inga mening eng qaynoq tilaklarimni yetkazib qo‘ying», — deya «kosa tagida nimkosa» qabilida hamkasblariga salom yo‘llagan Tramp.

Ma’lumot o‘rnida: bugun, 3-sentyabr kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushida Yaponiya taslim bo‘lganining 80 yilligi munosabati bilan harbiy parad o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In ham qatnashmoqda.

Xitoy rahbari Si Szinpin 2-sentyabr kuni Putinni qabul qilar ekan, uni «qadrdon do‘st» deb atagan

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In esa o‘zining ehtimoliy vorisi — qizi Kim Ju Aye bilan Pekinga kelgan.

Uch davlat rahbarining harbiy paradda birgalikda hozir bo‘lishi Pekin, Moskva va Pxenyan o‘rtasida harbiy-mudofaa hamkorligi kuchayib borayotgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa Osiyo-Tinch okeani hududida, umuman, dunyoda harbiy taranglik ortishiga olib kelishi, AQShga yangi chaqiriq bo‘lishi mumkin.

Tahlilchilarga ko‘ra, Si Szinpin, Vladimir Putin va Kim Chen In o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi mazkur uch siyosatchi bilan do‘stona munosabatda ekani haqida maqtanib kelgan va dunyoda tinchlik o‘rnatish borasida o‘zini tengsiz deb atayotgan Trampga kuchli siyosiy zarba bo‘lishi mumkin.

Pekindagi harbiy parad Xitoy rahbariyati G‘arb tomonidan amalga tatbiq etilgan global boshqaruvga muqobil modelni taklif etayotgan pallada o‘tayotgani ham diqqatga molikdir.

Xitoy harbiy paraddan jangovar salohiyatini ko‘rsatish maqsadida foydalanayotgani aytilmoqda. Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, paradda Pekin yadro uchligi — quruqlik, dengiz va havodagi strategik kuchlarini hamda butun Yer kurrasi bo‘ylab nishonlarga zarba bera oladigan DF-5C qit’alararo yadro raketasini ham namoyish etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring