Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi

Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi

Foto: Xabar.uz

Hukumatning 18-avgustdagi 443-son qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.

Reglamentga ko‘ra, subsidiya Turizm qo‘mitasi tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.

Startapni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplanadi. Mablag‘ har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startap uchun ajratiladi.

Subsidiya olish uchun loyihalar maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Komissiya tarkibi Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan shakllantiriladi.

Talabgorning arizasi kelib tushganidan keyin komissiya unga 5 ish kuni ichida suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboradi.

Suhbatdan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida talabgorning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Bu jarayonda startapning turizm sohasi uchun ahamiyatiga alohida e’tibor beriladi.

Xususan, loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, bu xizmatga turistlar ehtiyoji va talabining dolzarbligi baholanadi.

Shuningdek, startap avval mavjud bo‘lmagan yoki mavjud yechimni sezilarli darajada takomillashtirgan yangi xizmatni taklif etayotgani ham hisobga olinadi.

Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng Turizm qo‘mitasi mablag‘ni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga o‘tkazadi. Mablag‘lar qaror qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida ajratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring