Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklikka doir muhim hujjat imzolanishi mumkin

Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklikka doir muhim hujjat imzolanishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi so‘zining avvalida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari kuchayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotganini qayd etdi.

Prezident Mirziyoyev dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bu borada ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi va qator yangi takliflar bildirdi.

Siyosiy jihatdan O‘zbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu hujjat xalqlarni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida «Turk-treyd» onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.

Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmining o‘sishini ta’minlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalish bo‘ylab «yagona darcha» va «yashil yo‘laklar» tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston yetakchisi Turkiy investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma venchur kompaniyasi va Tashkilotga a’zo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etadigan yagona portal tashkil etish muhim ekanini ta’kidladi.

Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif qilindi.

O‘zbekiston rahbari iqlim kun tartibiga to‘xtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida o‘tgan Xalqaro iqlim forumi davomida «yashil» taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Uning faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb qilish uchun qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish taklif qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti fan, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga a’zo mamlakatlarning ta’lim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga munosib hissa bo‘lishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamg‘armasi kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti turkiyalik atoqli olim, biokimyogar, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring