Turkmaniston TAPH gaz quvuri qurilishida O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqda

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, TAPH (Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston) gaz quvuri qurilishida ma’naviy va moddiy yordam so‘ramoqchi. Bu haqda hukumatdagi manba ma’lum qildi.
Ma’lumki, Gurbanguli Berdimuhamedov boshchiligidagi hukumat a’zolari, tadbirkorlar, madaniyat xodimlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga safar qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Manbaning xabar qilishicha, ikkitomonlama muzokoralar mobaynida Berdimuhamedov o‘zbekistonlik hamkasbidan TAPH qurilishi uchun kredit so‘ramoqchi va bu loyihani qo‘llab-quvvatlashini iltimos qilmoqchi.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, «Interfaks» agentligining 26 dekabr kuni ma’lum qilishicha, Berdimuhamedov Mirziyoyevga murojaat qilishidan avval xuddi shu kabi taklif bilan rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga murojaat qilgan. Biroq Putin bu loyihaga gumon bilan qarashini aytgan va «bu turdagi loyihalar hayotga tatbiq etilishini ko‘rib chiqishimiz kerak» degan.
Turkmaniston davlat axborot agentligi tomonidan fevral oyi o‘rtalarida tarqatilgan xabarga qaraganda, Berdimuhamedov shuningdek TAPH qurilishi loyihasiga turk kompaniyalarini jalb qilish borasida maslahatlashuvlar olib bormoqda. Ma’lumki, gaz quvuri qurilishiga sarflanadigan xarajatlarning 85 foizini Turkmaniston o‘z zimmasiga olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter