Turnaqator navbatlardan «shapka»li mashinalargacha — avtomobil bozoridagi o‘zgarishni sezib-sezmay ham qoldik...

Avtosalonga yangi avtomobil uchun to‘lov qilgan mijozga o‘sha kuniyoq qo‘ng‘iroq qilishib, avtomobilni tezroq olib chiqib ketishini, olib ketmasa, mashinaning salonda turgan har bir kuni uchun pul to‘lashi kerakligini aytishibdi. Falakning gardishi qiziq.
O‘tgan haftada hatto «Damas» foizsiz bo‘lib to‘lashga sotuvga chiqarildi. Bunaqasi tarixda kuzatilmagandi. «Damas» olish uchun ming dollarlab «shapka» berilgan davrlarni ko‘rdik. «Shapkasi»ni berib, shartnomani qo‘lga kiritgan mijozlar pulining katta qismini oldindan to‘lab qo‘yib ham, mashinasi chiqishini oylab kutgan paytlarni ham ko‘rdik. Endi esa ayrim avtomobil ishlab chiqaruvchilar mijozga tezroq mashinani olib keting, deb yalinyapti...
Avtomobilga O‘zbekistonda shunchaki transport vositasi yoki shaxsiy mulk sifatida qaralmaydi, ba’zilar uchun — bu obro‘-e’tibor, ayrimlarga tirikchilikning muhim vositasi. Xorijda ishlab pul topadiganlarning aksariyatida asosiy maqsad — mashina olish bo‘ladi. Bu bejiz emas.
O‘tgan asrning 60-yillarida qishloqlarimizda yengil avtomobillar deyarli hech kimda bo‘lmagan. To‘y qilgan odamlar yaqinroq hududlardan kelinni ot-aravada olib kelishgan, uzoq manzil bo‘lsa, raisdan yuk mashinasi so‘ralgan...
U vaqtlarda yangi avtomobil olish uchun navbatga yozilish tartibi bo‘lgan. Qo‘lingizda pulingiz bo‘lsa ham, mashina ololmaysiz. Yillab navbatingizni kutishingiz kerak. Navbati kelib, «Jiguli»li bo‘lgan kishi, o‘sha qishloqning beminnat xizmatchisiga aylangan. To‘y va ta’ziyalarga xabar yetkazishdan tortib, to‘lg‘oq tutgan ayollarni tug‘uruqxonaga olib borish bormi, hammasini zimmasiga olgan. Kechasimi, tongdami, farqi yo‘q. Qancha bolalar shu mashinaning ichida tug‘ilgan hatto...
Keyinchalik, 1996 yildan o‘zimizda avtomobil chiqa boshlagach, «Neksiya», «Matiz», «Damas», «Kobalt» kabi modellar ma’lum ijtimoiy qatlamlarning ro‘zg‘orini tebratadigan vositaga aylandi.
Xorijda ishlab, topgan puliga «Damas» olgan qishloqlik yigit yillar davomida oilasini kam-ko‘stsiz boqa olardi. Shaharlik oila boshlig‘i mabodo ishsiz qolib, qiyinchilikka duch kelganida, hech bo‘lmaganda «Matiz» olib, tirikchiligini qila olardi.
Bir necha yil avval «Neksiya», «Kobalt» yoki «Lasetti» olganlar o‘z-o‘zidan deyarli boy qatlamga kirardi. Ba’zilari obro‘ yoki «komfort» uchun mashina mingan bo‘lsa, katta qismi shaharlararo kira qilib, o‘sha davr uchun yaxshigina daromad qilardi. Hech bo‘lmaganda, Toshkentdan viloyatlarga mijoz bilan qo‘shib, benzin tashib (poytaxtda benzin narxi hududlardagidan salkam ikki baravar arzon edi, taqchillik ham yo‘q edi) kattagina foyda ko‘rardi.
«Malibu» yoki «Kaptiva» minish — bu endi obro‘-e’tibor qozonishning salkam cho‘qqisi edi. Shundanmi, «Kaptiva»ga shartnoma olishning «shapka»si 5000 dollargacha ko‘tarilgandi.
Monopoliya — bu o‘zbeklar uchun avtomobil xarididagi eng og‘riqli muammolardan edi. Tanlov kam, narx qimmat, xizmat ko‘rsatishda muammolar ko‘p. Yangi mashinalarning taqchilligi va uni olishdagi «shapka» tizimi yillar davomida xalqni qiynab kelayotgandi.
Nega qo‘shni davlatlarda o‘zbek mashinasi arzon? Nega O‘zbekistondagi aholi o‘zida ishlab chiqarilgan avtomobilni oson sotib ololmaydi? Nega, nega... Bu adog‘i va javobi yo‘q savollar jamoatchilik orasida uzoq yillar muhokamada bo‘ldi.
«Shapka»sini berib, shartnoma olasan, navbating kelishini uzoq kutasan, eng oxirida to‘lovni dollarda qilishing kerak bo‘lardi. Shu yerda ham xaridorning «ko‘zi o‘yilardi». Bankdan dollar olish imkonsiz, rasmiy kurs bilan «ko‘cha kursi»da farq juda katta. Avtomobilga to‘lov uchun «qora bozor» kursida dollar olib borib, uni kassada davlat narxida berib, mashinaga to‘lov qilingan paytlar bo‘lgan. Bu absurdni tasavvur qila olyapsizmi?
Masalan, 2014 yilda «Damas» narxi 26 213 100 so‘m bo‘lgan. Dollarda rasmiy kursda (2300) hisoblanganda $11 400 narxlangan. Unga to‘lov qilish uchun «qora bozor»dan $11 400 — 35 340 000 so‘mga sotib olingan. Ya’ni, «Damas» avtosalonda 26 213 100 so‘m narxlangan bo‘lsa-da, xaridor uni belgilangan summadan 9,1 mln (30 foiz) qimmatrog‘iga olishga majbur bo‘lgan.
Eng alamlisi, xalq nimaga ehtiyoj sezsa, o‘sha yerda firibgarlar paydo bo‘ladi. Qancha-qancha odamlar mashina olaman deb firibgarlar qurboni bo‘ldi. Avtomobilga o‘chlik hatto yirik moliyaviy piramidalarning paydo bo‘lishiga olib keldi.
Avtomobil bozoridagi bunday turli sxema va cheklovlar ma’lum bir doiralarning boyishi uchun o‘ylab topilgandi. Ular shunchalik kuch ediki, korrupsion tizimni o‘zgartirish va yo‘q qilish uchun yillar kerak bo‘ldi. Axir «qaynar xumcha»dan osonlikcha ayrilishni istashmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor avtomobil sanoatidagi bu holatni qattiq tanqid ostiga oldi va unga qarshi turli choralar qo‘llanildi, qator iste’folar, islohotlar qilindi. «Shapka» evaziga mashina sotgan shaxslar ushlanib, javobgarlikka tortildi...
UzAuto Motors shartnoma tarqatgan holatlarni eslang: avtosalonlarda olomon, eshiklar oynasi singan, odamlar jarohatlangan... Hozir hammasi onlayn. Hech kim bir-biri bilan yoqalashmaydi. «Treker», «Oniks» va hatto «Damas» bo‘lib to‘lashga taklif qilinyapti.
Yo‘llarimizda boshqa markadagi mashinalar paydo bo‘la boshladi, yangi zavodlar ochildi. Aholida tanlov imkoniyati paydo bo‘ldi. Sun’iy taqchillik asta-sekin yo‘q qilindi.
2017—2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 2,3 barobarga oshdi.
Agar 2017 yilda 135,47 dona yengil avtomobil chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yilda ishlab chiqarish hajmini 450 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Jizzaxda Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobillar ishlab chiqaruvchi zavod faoliyat yuritmoqda. Kelgusi bosqichlarda zavod quvvatini yillik 500 mingta elektromobilgacha oshirish ko‘zlangan.
«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham avtomobilsozlik sohasiga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, raqobat muhitini yaratish va ishlab chiqarish hajmini 1 million donaga yetkazish maqsad qilingan.
Xalqimizni yillar davomida qiynagan og‘riqli muammoni o‘zgartirishga bo‘lgan iroda tufayli bugun aksar oilalarda ikkita, uchta, to‘rttagacha mashina bor. Inson omili kamaytirildi, jarayon avtomatlashdi. Defitsit yo‘qotildi, ishlab chiqarish ko‘paydi va... «shapka»ni ham unutdik. Mashina olish har bir fuqaroning sun’iy to‘siqlarsiz amalga oshadigan haqqiga aylandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter