O‘rmonchilarga chora ko‘rildi
Surxondaryo viloyati Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligida tabiat dunyosiga zarar yetkazgan o‘rmon xo‘jaligi mas’ul xodimlariga chora ko‘rildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Kengdala o‘rmon bo‘limida mavjud bo‘lgan Zarafshon archalari noqonuniy ravishda kesib ketilmoqda” mazmunidagi murojaatlar Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining tezkor guruhi tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida Kengdala bo‘limining 2-aylanma 6-kvartalining “Tuya” massivida 2 tup o‘suvchanligini yo‘qotmagan Zarafshon archasi tag qismidan, noqonuniy kesilgani, shuningdek, mazkur bo‘limning 3-aylanma 8-kvartalida 3 tup Zarafshon archalarining yon shoxlarini o‘sish darajasidan to‘xtamaydigan darajada shikastlantirilganlik holatlari aniqlandi.
Bundan tashqari, Kengdala o‘rmon bo‘limining hududida tana oldi diametri 20 sm bo‘lgan, 1 tup o‘suvchanligini yo‘qotmagan Zarafshon archasining tag qismidan kesilgani aniqlangan. Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi Kengdala o‘rmon bo‘limi hududlarida yaratilgan ko‘chatxonalar faoliyati o‘rganilganda o‘rmon bo‘limining 3-aylanma 8-kvartalidagi 2 ta ko‘chatxona nazoratsiz qoldirilgani, o‘rmon xodimlarining o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashishi oqibatida tashkil qilinishi lozim bo‘lgan 70 foiz ko‘chatlar joyida mavjud emasligi aniqlandi.
Yuqorida qayd etilgan holatlarni sodir etgan 2-aylanma 6-kvartal o‘rmonchisi F.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 million 500 ming so‘m jarima qo‘langan, bu harakat bilan o‘simlik dunyosiga 2 million 700 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Shuningdek, 3-aylanma 8-kvartali o‘rmonchisi S.E.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 million 500 ming so‘m jarima qo‘llangan, bu harakat bilan o‘simlik dunyosiga 270 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Shu bilan birgalikda, 3-aylanma 8a-kvartal o‘rmonchisi B.E.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 million 500 ming so‘m jarima qo‘llangan, bu harakat bilan o‘simlik dunyosiga 1 million 950 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Kengdala o‘rmon bo‘limi hududlarida tashkil etilishi belgilangan ko‘chatxonalar nazoratsiz qoldirilgani sababli mazkur bo‘lim boshlig‘i K.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 80-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 10 barobari miqdorida jarimaga tortildi.
Mazkur murojaat Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan ham o‘rganilgan bo‘lib, hududda huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha hozirda O‘rmon xo‘jaligi vakolati doirasida ta’sir choralarini ko‘rish ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter