Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukrainani tiklash qanchaga tushishi aytildi

Ukrainani tiklash qanchaga tushishi aytildi

Foto: Getty Images

Yaqin 10 yil mobaynida urush oqibatida vayron etilgan Ukraina infratuzilmasini qayta tiklash uchun kamida 524 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu haqda BMT bosh kotibining Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Miroslav Yensa BMT Xavfsizlik kengashi majlisida ma’lum qildi.

Bosh kotib o‘rinbosari Rossiya tomonidan Ukraina fuqaroviy infratuzilmasiga zarbalar berilayotganini qoralar ekan, hujumlar oqibatida zarar ko‘lami tobora ortib borayotganini aytgan.

Qayd etilishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 2022 yil 24 fevral kunidan buyon hujumlar oqibatida 13580 nafar ukrainalik tinch aholi vakili, jumladan, 716 nafar bola halok bo‘lgan.

Miroslav Yensaning bong urishicha, Ukrainada gumanitar vaziyat tobora yomonlashmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida tinch aholi vakillari o‘rtasida jabrdiydalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ortgan. Aholi punktlariga uzoq masofaga uchuvchi raketalar va dronlar orqali hujumlar ko‘paygan. Aholi oziq-ovqat, suv, elektr ta’minoti va tibbiy xizmatlar borasida jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Ukraina aholisining 3,7 million nafari yashash joyini tark etib, mamlakatning boshqa hududlariga ko‘chgan bo‘lsa, 6 million nafari xorijda qochqin sifatida yashamoqda.

BMT bosh kotibi muovini Xavfsizlik kengashidan Ukrainadagi tinch aholi va fuqaroviy infratuzilmani himoya qilish, insonparvarlik ko‘magini oshirish va gumanitar operatsiyalar o‘tkazishga e’tibor qaratishni so‘ragan.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya va Ukraina Istanbulda muzokaralar o‘tkazmoqda. BMT bosh kotibi o‘rinbosari diplomatik muloqot doirasida urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilishi muhimligini ta’kidlagan.

Rossiya bosqini oqibatida Ukrainaga yetkazilgan zarar ko‘lami turlicha baholanmoqda. Ikki haftacha muqaddam Germaniya kansleri Fridrix Mers

Moskva urush oqibatida Ukrainaga yetkazgan zararni qoplash uchun taxminan 500 milliard yevro tovon to‘lashi kerakligini aytgandi.

Buyuk Britaniyaning “The Times” gazetasi hisob-kitobiga ko‘ra esa, urushdan keyin Ukrainani tiklash uchun hozirgi baholashlar bo‘yicha taxminan 400 mlrd funt sterling (532 mlrd AQSh dollari atrofida) mablag‘ kerak bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring