Ulkan mamlakatni qurgan kichkina odam (foto)

Xitoy iqtisodiy taraqqiyoti va zamonaviy sotsializmining buyuk me’mori Den Syaopinning mashhur gapi bor: «Mushuk qorami — oqmi, bu muhimmas, muhimi — sichqon tutishi. Ana o‘sha eng yaxshi mushuk». Den erkin iqtisodiy zonalar va fond bozorlari mohiyatan kapitalistik yoki sotsialistik bo‘lishi muhim emasligi, eng asosiysi — ular keltiradigan foyda ekanini nazarda tutgandi.
Den Syaopin (tug‘ilgan paytida — Den Syanshen) 1904-yilning 22-avgustida Sichuan viloyatining Payfan qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Otasi Den Venmin ta’limning ahamiyatini juda tushungan odam edi, shu bois to‘ng‘ichi Syanshenni okrugdagi eng yaxshi maktab tayyorlov kurslarida o‘qitdi.

Foto: AP / Xinhua
O‘n besh yoshida (1919-yil) Den Syaopin xitoylik 80 nafar talabaga qo‘shilib Fransiyada o‘qishga yo‘l oldi. O‘zidan yoshi katta talabalarning ta’siri ostida marksizm g‘oyalariga mukkasidan ketdi va targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanishni boshladi.

Den Syaopin (chapdan ikkinchi) kommunistik armiyadagi xizmatdoshlari bilan, 1938-yil.
Foto: AP / Kyodo News
1926-yilda Den Syaopin Moskvadagi Sharq mehnatkashlari universitetida o‘qidi, o‘sha yilning sentyabrida Xitoyga qaytib keldi.
Xitoyga qaytgan Den Syaopin siyosiy voqealar girdobiga tushdi, avvaliga yashirin harakat a’zosi, keyinchalik siyosiy xodim, harbiy diplomat bo‘lib ishladi. Fuqarolar urushi paytida Buyuk yurishda qatnashgan Den Syaopin XKP MQ bosh kotibi lavozimigacha ko‘tarildi. Yaponiya – Xitoy urushi hamda Gomindanga qarshi kurashlarda bir nechta muvaffaqiyatli amaliyotlarga rahbarlik qildi. 1950-yillarda Mao Szedun siyosatini faol qo‘llagan Den Syaopin yangi hukumatda qator muhim lavozimlarga tayinlandi.

Den Syaopin (o‘ngda) va Mao Szedun, 1959 yil.
Foto: AP / Kyodo News
1957-yili XKP MQ bosh kotibligiga tayinlangan Den Syaopin Lyu Shaotsi (XKP rahbarlaridan biri) bilan yaqinlashdi. Mao Szedunning Katta sakrash siyosati (mamlakat sanoat bazasini mustahkamlash va iqtisodiyotini keskin ko‘tarishga qaratilgan, biroq Xitoy xalqi uchun fojiali oqibatlarga olib kelgan iqtisodiy kampaniya) omadsizlikka yuz burgach, Den Syaopin va Lyu Shaotsining XKPdagi mavqei oshdi. Ular birgalikda Katta sakrash oqibatlarini o‘nglashga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni boshlab yuborib, partiyada ham, aholi orasida ham obro‘ qozonishdi.

Foto: AP / Xinhua
1950-yillarning oxirlari — 1960-yillarning boshlarida Den Syaopin va Lyu Shaotsi Mao Szedunning radikalizmidan farqli moslashuvchan va mo‘’tadil siyosat yuritishardi. Biroq «madaniy inqilob» boshlangan 1966-yilda Den barcha lavozimlaridan olib tashlanib, Szyansidagi traktor zavodiga oddiy ishchi qilib jo‘natildi. Aslida uning omadi chopgandi. Chunki sud qilingan do‘sti Lyu Shaotsi qamoqda o‘lib ketdi.
1976-yilda, Mao Szedunning vafotidan keyin bir necha oy davomida, uning «sharofati» bilan uzoq yillar badarg‘ada bo‘lib qaytgan Den amalda Xitoy yetakchisiga aylandi. Maoning o‘limiga qadar Den Syaopin egallagan rasmiy yagona lavozim — XXR davlat kengashi bosh vazirining o‘rinbosarligi edi. O‘z maslakdoshlarini atrofida to‘play boshlagan Den Syaopin 1980-yilda Maoning odami — Xua Gofenning o‘rniga bosh vazir bo‘ldi.

Den Syaopin (o‘rtada) xotini Chjo Lin bilan.
Foto: NASA
1977-yilda «madaniy inqilob» natijalarini bekor qilgan Den Syaopin «Pekin bahori» kampaniyasini boshlab yubordi. «Pekin bahori»da «madaniy inqilob»ni tanqid qilish mumkin edi, sinflar tizimiga barham berishda ham «bahor»ning ahamiyati katta bo‘ldi.

Siyosiy kuch va hokimiyatga ega bo‘lgan Den Syaopin «madaniy inqilob» davrida ko‘tarilgan raqiblarini sekin-asta «o‘yin»dan chiqarib yuborishni boshladi. Va aksincha, o‘zi kabi Maoning g‘azabiga yo‘liqqanlar uchun katta siyosat eshiklarini ochdi.

1980-yillarning boshlarida Den Syaopin Xitoy kommunistik partiyasini to‘liq o‘z nazoratiga oldi, XKP MQ Markaziy harbiy kengashi raisi bo‘lganidan so‘ng partiyadagi eng kuchli shaxsga aylandi. U Mao Szedun shaxsiyati atrofidagi tarixiy va g‘oyaviy masalalarni ochiqchasiga ko‘tarish va muhokama qilishga imkon berdi. Den Syaopinning o‘zi Maoni shunday ta’riflagandi: «U 3/10 ga yomon, 7/10 ga yaxshi odam edi».

Den Syaopin Xitoyning G‘arb bilan aloqalarini yaxshilagan. Xitoy yetakchisi 1972-yili AQShga borganida oliy darajada kutib olingan — prezident Jimmi Karter uni Oq uyda qabul qilgan. E’tiborli jihati, shundan sal avval AQSh Xitoy Respublikasi (Tayvan) bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatib, XXR bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatgandi. 1984-yilda esa 1997-yilda Gonkongni Xitoyga qaytarib berish ko‘zda tutilgan Xitoy-Britaniya hamkorlik deklaratsiyasi imzolandi.

Den Syaopin va Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, 1997-yil.
Foto: AP / Tom Bell
Dohiy Mao Szedundan farqli o‘laroq, Den shaxsiy hayotini odamlar ko‘zidan yashirib kelgan. O‘zi ham jussasi kichik (bo‘yi bir yarim metr) odam edi. Ashaddiy kashanda, spirtli ichimliklar ichishni o‘limidan bir necha yil oldin tashlagan, oy paypoq kiyishni yoqtiradigan, bilyard o‘ynashni xush ko‘radigan, futbol va opera ishqibozi. Uch marta uylangan (birinchi xotini vafot etgan, ikkinchisi bilan ajrashgan), ikki o‘g‘il, uch qizning otasi. Balki bularni ko‘pchilik bilmas.
Biroq qashshoq kommunistik mamlakatni botqoqdan olib chiqib, dunyoning eng gurkirab o‘sayotgan iqtisodiyotiga aylantirgan siyosatchini butun dunyo taniydi.

Den Syaopin, hech shubhasiz, juda omadli odam edi. Holbuki, kommunistik partiya chizgan chiziqdan chiqqan xitoylik uchun yagona yo‘l — narigi dunyoga ravona bo‘lish edi. Den esa kommunistik mafkuraning «qizil chizig‘i»ni bir emas uch marta kesib o‘tgan: yot (kapitalistik) g‘oyalari uchun o‘ttizinchi, oltmishinchi va yetmishinchi yillarda barcha lavozimlaridan haydalgan. «Madaniy inqilob» yillarida bir marta o‘lasi qilib do‘pposlangan ham. Biroq u go‘yoki Qaqnus qushi kabi qaytadan jonlanar, siyosiy yo‘qlikdan yana va yana qaytib kelaverardi.
Uchinchi qaytishidan so‘ng Den Syaopin mamlakatning tengsiz g‘oyaviy yetakchisiga aylandi. U 1966–1976-yillarda «madaniy inqilob» dahshatlarini boshdan kechirgan Xitoyni oyoqqa turg‘azdi. Iqtisodiyotni markazlashgan rejalashtirishni bekor qildi. Rais Mao tuzgan qishloq xo‘jaligi kommunalarini (o‘zimizdagi kolxozlarga o‘xshash) bekor qildi. Shaharliklarga xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkonini berdi. Denning davrida erkin iqtisodiy zonalar tuzildi, 1949-yilda tugatilgan birjalar qayta tiklandi. U Xitoyni xorij sarmoyalari uchun ochiq deb e’lon qildi.
Den Syaopin o‘z siyosatining istiqbolli yo‘nalishi sifatida Xitoyda iqtisodiy islohotlar o‘tkazishni belgilagan edi. Den barcha islohotlarning asosi sifatida «to‘rt modernizatsiya» tamoyilini e’lon qildi: mudofaa sanoati, qishloq xo‘jaligi, fan va sanoat ishlab chiqarishi. Eng istiqbolli strategiya sifatida «sotsialistik bozor iqtisodiyoti» tanlandi.
«Boy bo‘lish — ajoyib!» — Den ilgari surgan shiorga amal qilgan o‘n millionlab xitoyliklar huzur-halovatda yashashyapti.
Den Syaopin 1989-yilda Markaziy harbiy kengash raisligidan iste’fo berganidan so‘ng, boshqa barcha lavozimlaridan ham rasman ketishini e’lon qildi. 1992-yilda Den Syaopin Xitoy siyosiy sahnasidan butkul g‘oyib bo‘lganidan so‘ng ham «Syaopin davri» davom etdi. Diqqatga sazovor jihati, to o‘limiga qadar Xitoyga rahbarlik qilganlar an’anasini Den Syaopin o‘z namunasi bilan buzgan edi.
Den Syaopin 1997-yilning 19-fevralida 92 yoshida — Parkinson bilan birga kechgan o‘pka infeksiyasi oqibatida vafot etdi. Xitoyni chindan-da ulkan mamlakatga aylantirgan kichkina odam edi.

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter