Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ulug‘ ayyom kunlarida Xudodan so‘raymiz» — Shavkat Mirziyoyev onkologiya va radiologiya markaziga bordi

«Ulug‘ ayyom kunlarida Xudodan so‘raymiz» — Shavkat Mirziyoyev onkologiya va radiologiya markaziga bordi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.

Markazda 10 ta davolash korpusi bo‘lib, 370 ta o‘ringa ega. Bu yerda yiliga 9 mingdan ortiq bemorga statsionar, 43 ming nafariga ambulator tartibda xizmat ko‘rsatilmoqda.

Toshkent va Qo‘qon shaharlari, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda markazning hududiy filliallari tashkil etilgan. Ularning har birida palliativ yordam bo‘limlari ochilgan. Ilk bor, barcha hududiy onkologik muassasalar jami 22 ta zamonaviy nur terapiyasi uskunalari bilan jihozlandi. Tibbiyot markazi bilan barcha filiallar o‘rtasida telemeditsina amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi uch yilda tizimdagi 150 nafar mutaxassis nufuzli xorijiy klinikalarda davlat hisobidan malaka oshirgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bemorlar uchun eng qiyini kerakli dorilarni topish va sotib olishdir. Shu bois bu borada davlat tomonidan ham ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Onkologiya xizmati uchun dori-darmon va sarflov vositalariga 2016 yilda 8 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 62 milliard so‘mga yetgan.

Davlatimiz rahbari markazda davolanayotgan bolalarga shifo tilab, ota-onalariga dalda berdi.

- Bu bir sinov. Ana shu sinovlardan bardosh bilan o‘tib, tezroq sog‘ayib, uyga qaytsalaringiz, hammamiz xursand bo‘lamiz. Men bolalar, yoshlar haqida ko‘p gapiraman, ularga katta umidlar bog‘layman. Ilohim, mana shu bolalarning ham kasalligi esdan chiqib, xalqimizga xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib yetishsin. Ulug‘ ayyom kunlarida Xudodan shuni so‘raymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident markazning hozirgi imkoniyatlari yetarli emasligini ta’kidlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida Respublika onkologiya markazining yangi binolarini barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu yerda onkologiya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida mobil brigadalar tuzib, xavf guruhiga kiruvchi aholi uchun profilaktik ko‘riklar o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun har bir hududga mobil mammograflar va pozitron-emission tomograflar yetkazib beriladi. Saraton kasalliklarini erta aniqlaydigan laboratoriyalar tashkil etilib, maxsus onkomarkerlar tekshiruvlari yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchi asosiy masala - davolash sifatini oshirish. Shu maqsadda joylardagi onkologiya va gematologiya shifoxonalarini ta’mirlab, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, malakali mutaxassislarni jalb qilish vazifasi belgilandi. Kasallik oqibatida oyoq-qo‘li amputatsiya bo‘lgan bemorlarni protez mahsulotlari bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari, shifokorlar o‘z hududlarida onkologik va gematologik kasalliklarni davolashni yaxshilash bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Mazkur barcha vazifa va takliflarni inobatga olgan holda, onkologik va gematologik kasalliklarni davolashni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinadigan bo‘ldi.

Videoselektordan so‘ng, davlatimiz rahbari Toshkent tibbiyot akademiyasi hududiga borib, Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosi uchun mo‘ljallangan joyni ko‘rdi. Yangi binoni Janubiy Koreya tajribasi va loyihasi asosida qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring