Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Virusli yolg‘on: «Qahramon yetti it» haqidagi afsona qanday paydo bo‘ldi?

Virusli yolg‘on: «Qahramon yetti it» haqidagi afsona qanday paydo bo‘ldi?

Foto: Facebook

Ijtimoiy tarmoqlar asrida hissiyotlarga boy hikoyalar soniyalar ichida butun dunyoni aylanib chiqmoqda. Yaqinda Xitoyning Jilin provinsiyasidagi trassa bo‘ylab ketayotgan yettita itning videosi ana shunday «portlash» yasadi. Yetti itning trassa bo‘ylab yugurib yurgani haqiqat, ammo...

«Kushxonadan qochish…»

Internetda tarqalgan taxminga ko‘ra, bu yetti it go‘sht uchun so‘yiladigan kushxonadan mo‘’jizaviy tarzda qochib ketgan. Emishki itlardan biri sim to‘siqni g‘ajib, boshqalariga yo‘l ochgan. Ular yana bir yarador sherigini tashlab qo‘ymay, uni o‘rtaga olib himoya qilib yurishgan, «qahramonlar» o‘z uylarini topish uchun 17 kilometr yo‘l bosgan.

Bu voqea ko‘pchilikda 1993-yildagi mashhur «Uyga qaytish yo‘li» filmini yodga soldi. Hatto sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dramatik posterlar va treylerlar bu hikoyani yanada ishonarli qilib ko‘rsatdi. Aslida-chi? Ularning kushxonada simlarni g‘ajib eshikni ochib boshqalarini qutqargani tasviri bormi yoki kimdir ko‘rganmi? Yoki ularning aynan kushxonadan qochganini, go‘shtga topshirilayotganini internet foydalanuvchilariga itlarning o‘zi gapirib bergan desak ular gapira olmaydi. Itlar aynan 17 kilometr masofani bosib o‘tgani qanday aniqlangan, ularning bo‘ynida kilometrni aniqlaydigan uskuna bo‘lganmi?

Yolg‘on qayerdan boshlangan?

Xitoyning Finance.sina.com.cn nashrining xabar berishicha, yetti itning videosi dastlab 15-mart kuni Jilin provinsiyasining chekka hududidan o‘tayotgan bir erkak tomonidan suratga olingan va internetga joylangan.

U video tagida: «Balki ular go‘sht tashuvchi mashinadan qochib ketgandir» deb taxmin qilgan. Keyinchalik u hech qanday «qochish» jarayonini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganini tan olgan, lekin taxmin allaqachon tarqalib bo‘lgan edi.

«Virusli» tarqalish va talqinlar 

Video Xitoyning Douyin va Weibo platformalarida 90 milliondan ortiq ko‘rilgan, so‘ngra TikTok va Instagram orqali butun dunyoga yoyilgan. Odamlar videodagi har bir harakatga o‘zlaricha ma’no bera boshlashgan. Foydalanuvchilar videodagi har bir harakatga dramatik rollar berishdi: Masalan, golden retriver guruhning bir a’zosi, nemis ovcharkasi «yarador sherik» rolida, korgi yo‘l boshlovchi va jasur yetakchi sifatida.

Fotokadr: YouTube

Hatto sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgan dramatik posterlar, treylerlar va itlarning o‘z egalari bilan «ko‘rishayotgani» aks etgan soxta tasvirlar bu afsonani yanada ishonarli qildi. Masalan  o‘n millionga yaqin obunachisi bo‘lgan Firstpost yutub-kanalida yetti itning qochishi AI tomonidan shu qadar yanada kuchaytirib yaratilganki, go‘yoki kino ko‘rgandek bo‘lasiz. Mana shu videoni tomosha qilganlar itlar o‘z uyiga qaytdi deb yozishgan, hayvonlar go‘shtini yeydiganlardan nafratlanishgan va ular orasida qachondan beri feyk xabar bu qadar kengaytirilib tarqatiladigan bo‘ldi, degan istehzoli izohlarni ham o‘qish mumkin...

Aslida nima bo‘lgan edi?

Xitoy davlat nashrlari (Cover News, City Evening News) va CNN o‘tkazgan surishtiruvlar afsonani parchalab tashladi. Haqiqat ancha oddiyroq: itlar hech qanday kushxonadan qochmagan. Ular video olingan joy yaqinidagi qishloq aholisiga tegishli bo‘lib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, nemis ovcharkasining juftlashish mavsumi bo‘lgani sababli, atrofdagi boshqa itlar unga ergashib ko‘chaga chiqib ketishgan. Bu erkin yuradigan qishloq itlari uchun tabiiy holat.

Hozirda barcha itlar o‘z uylarida. Ular uylaridan 4-5 kilometr uzoqlikda bo‘lgan.

Ekspert fikri...

«Odamlar mavjud viral (ommalashgan) kontent yoki trendlardan pul ishlab olishga harakat qilishmoqda», — dedi RMIT universitetining raqamli media bo‘yicha dotsenti Ti Jey Tomson CNN telekanaliga bergan intervyusida. — «Internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor bu pul demakdir. Shunday ekan, qancha ko‘p e’tibor qozonsangiz, shuncha ko‘p faollikka (engagement) erishasiz».  Uning ta’kidlashicha, odamlar doimiy salbiy xabarlardan charchagan va ijobiy, ko‘ngilga yaqin kontentga muhtoj. Bu esa ijtimoiy tarmoq yaratuvchilarini layk va klik yig‘ish uchun oddiy voqealarni bo‘rttirib ko‘rsatishga yoki to‘qima qo‘shishga undaydi. «Diqqat qaratish bu internetda pul degani, qancha ko‘p diqqatni jalb qilsangiz, shuncha ko‘p foyda ko‘rasiz», — deydi ekspert.

Shuningdek, ekspertlar bunday «zararsiz» ko‘ringan afsonalar ikkita katta xavf tug‘dirishidan ogohlantiradi: tanqidiy fikrlash yo‘qoladi, hissiyotga berilib, faktlarni tekshirishni unutib qo‘yamiz.

Stereotiplar kuchayadi, ya’ni asossiz xabarlar ma’lum bir hudud yoki madaniyat haqida salbiy tasavvurlarni (masalan, it go‘shti savdosi haqidagi mubolag‘alarni) mustahkamlab yuborishi mumkin.  

Hikoyaning SI yaratgan versiyalari keng tarqaldi. Douyin

Itlar omon qolgani, voqea biz o‘ylagandek qayg‘uli bo‘lmagani albatta, quvonarli. Ammo bu holat bizni ogohlikka chorlaydi. Sun’iy intellekt nafaqat matn yozadi, balki mavjud videolarga soxta «baxtli yakun» yasab berishga ham qodir. Internet tezlashgan zamonda, har qanday virusday tezkor xabarni aql chig‘irig‘idan o‘tkazish shart. Zero, biz qahramonga chiqargan hayvonlar o‘zlarining mashhurligidan bexabar, shunchaki o‘z tabiatiga ko‘ra yashashda davom etmoqdalar.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring