Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston – Tojikiston: vizasiz yurish, Farhod GES, chegara, transport va boshqalar

O‘zbekiston – Tojikiston: vizasiz yurish, Farhod GES, chegara, transport va boshqalar

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon

Foto: Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekiston va Tojikiston hududida bir oyga qadar vizasiz yurish huquqini beruvchi «Fuqarolarning o‘zaro tashriflari to‘g‘risida»gi yangi hujjat imzolanadi. «News.tj» xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning Dushanbega tashrifi davomida O‘zbekiston va Tojikiston davlat chegaralari bilan bog‘liq ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishib olindi. Shuningdek, viza hamda Farhod GES masalasida kelishuvga erishilgan.

Tomonlar yaqin vaqtlar ichida yo‘lovchi poyezdlar va avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishni, shuningdek, o‘zaro chegara hududida yangi nazorat-o‘tkazuv punktlari ochishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2001 yilda birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi, keyinchalik esa Tojikiston Respublikasi ikki davlat o‘rtasida viza tizimini yo‘lga qo‘ygan edi.

Tomonlar Farhod GES masalasida ham kelishuvga erishgan. Ushbu inshoot joylashgan hudud Tojikiston hududi deb tan olinadi, ob’yekt esa O‘zbekiston mulki hisoblanadi. Ob’yektni tojik tomoni qo‘riqlaydi, unga texnik xizmatlar O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatiladi.

Dushanbedagi majlis yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida transport, kommunikatsiyalar, savdo, iqtisodiyot va chegaralar bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ikki davlatning tegishli vazirliklariga ko‘rsatmalar berilgan.

Barcha kelishuvlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil bahorida Dushanbega davlat tashrifi chog‘ida imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda qo‘shnichilik munosabatlarini yaxshilashga alohida ahamiyat qaratayotgani chegaralardagi vaziyatni yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring